Fargʻonada yangi saylangan MFY raislari ishtirokida oʻquv seminarlari oʻtkazilmoqda

12:32 04 Iyul 2022 Jamiyat
292 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, joriy yilning may oyida mamlakatimizda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi tashkil etilib, nomzodlar orasidan aholi vakillari eng munosiblarni gʻoyatda masʼuliyatli lavozimga sayladi.

Ayni paytda Fargʻona viloyatida yangi saylangan 1 ming 58 ta MFY raislari ishtirokida oʻquv seminarlari oʻtkazilmoqda. Unda raislarning oʻz mahallasi “oʻsish nuqtasi”ni aniqlash va shu asosda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga bank krediti, subsidiya ajratishga koʻmaklashish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aynan shu hududga xos muammolarni oʻrganish va hal etish masalalari boʻyicha amaliy bilim va koʻnikmalari oshirilyapti.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ana shunday seminarlarning navbatdagi guruhida qatnashayotgan Fargʻona va Quvasoy shahri, Fargʻona tumanidan kelgan 177 ta MFY raisi bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.

— Mamlakatimizda hayotbaxsh islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyaga qaratilgan boʻlib, ushbu jarayonda mahalla instituti vakolatlari kengaytirilgani eʼtiborga sazovor,-dedi viloyat rahbari. —  Prezident ishonchini oqlash uchun har bir mahalla raisi islohotlar davomiyligini taʼminlashdagi daxldorlik, masʼuliyat va javobgarlik tuygʻusini jiddiy anglab yetishi zarur.

Bu borada yil boshidan ish boshlagan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektorlari raislarga yaqin koʻmakdosh boʻladi. Buning uchun raislar tashabbusni qoʻlga olishi, barchani bir maqsad yoʻlida birlashtirib aholini kambagʻallikdan chiqarish, ishsizlikka barham berish, yoshlarning boʻsh vaqtidan samarali foydalanish, oilaviy ajrimlar, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha sidqidildan harakat qilishi kerak.

Muloqotda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlashda oʻziga xos tajriba maktabi shakllangani, oʻtgan yilning oʻzida bu boradagi izchil saʼy-harakatlar doirasida birgina viloyat mahalliy byudjetidan 132 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgani eʼtirof etildi. Natijada 2021-yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan 100 ming nafardan ziyod xotin-qizlar moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlandi, 600 nafar ayollarga uy-joy qurib berildi, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 4,5 ming nafar yigit-qizlarga stipendiya toʻlangani taʼkidlandi.

— Xizmat koʻrsatish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish mahallamizning “drayveri” sifatida belgilangan, — deydi Fargʻona shahridagi “Beshbola” MFY raisi Rasuljon Saydaliyev. —  Bugungi kunda har bir oila kesimida tushuntirish ishlari olib borilib, oilalar farovonligini yaxshilash, daromad manbalarini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Oʻz navbatida mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash ham doimiy eʼtiborimizda. Bunday muloqotlar esa faoliyatimiz koʻlamini yanada kengaytirishda, yanada jonlantirib, natijadorlikni taʼminlashga muhim ahamiyatga ega.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер