Fargʻonada “Yangi Oʻzbekiston” dahasidagi yangi uylar Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi

17:21 11 Yanvar 2023 Jamiyat
673 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni paytda Fargʻona shahrida qad rostlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” dahasining dastlabki bosqichida 4 ming 300 xonadondan iborat 80 ta koʻp qavatli uylar qurilishi jadal surʼatda bilan olib borilmoqda. Bu yilgi Navroʻz bayrami arafasida bir guruh hamyurtlarimizning yangi uylarga koʻchib oʻtishi rejalashtirilgan.

— Tabiiy-iqlim sharoiti oʻrganilib, geologiya-qidiruv ishlari natijasida bu yerda jahon andozalari darajasida 7 qavatdan 25 qavatgacha boʻlgan uylar qurilishi koʻzda tutilgan,— deydi Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi Lazizbek Pozilov. — Shu maqsadda viloyat hokimligi delegatsiyasi tarkibida quruvchi-tadbirkorlarimiz bilan birga Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya tajribasini oʻrganib keldik.

Loyihaga koʻra, yangi dahada 2025-yilga qadar 60 ming, yaqin istiqbolda 150 ming aholi yashashiga moʻljallangan zamonaviy shaharcha qad rostlaydi. Barcha kommunikatsiya – ichki yoʻllar, elektr va issiqlik taʼminoti, ichimlik va oqova suv tarmoqlari xarajati toʻliq davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Oʻz navbatida hududda 6 ta maktab, 10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta oilaviy poliklinika, koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, 4 ming oʻrinli amfiteatr, madaniy inshootlar, sunʼiy koʻl, kanal quriladi. Shuningdek, 70 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo etilmoqda.

— Kommunikatsiya xarajatlari davlat hisobidan boʻlayotgani uylarni deyarli teng yarimiga arzon boʻlishini taʼminlayapti,— deydi «Kamolxonov Jahon» MCHJ rahbari Jahongir Kamolxonov. —  Misol uchun, hozirda 1 metr kvadrat uy narxi oʻrtacha 4,5 mln soʻm boʻlmoqda. Agar kommunikatsiya xarajatlari qoʻshilsa, uyning 1 metr kvadrati 9 mln. soʻmga baholanardi. Xullas, uy oluvchiga ham , qurilish tashkilotiga ham imtiyozlar bor.

Shu kunlarda dahada yana 50 ta koʻp qavatli uy qurish uchun yer maydonlari imtiyozli tarzda auksion savdolariga chiqarildi. Bank krediti, subsidiya ajratish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari bilan bogʻliq masalalarni tez va oʻz vaqtida hal etish maqsadida shu yerning oʻzida Ipoteka markazi qurib bitkazildi.

2023-yildan boshlab har bir koʻp qavatli uyda ota-ona qaramogʻidan mahrum, yetim bolalarga subsidiya asosida yoki bepul tarzda berilishi uchun 1 xonali uylar qurish ham rejaga kiritildi. Uylar yoʻlaklarida nogironligi bor shaxslar uchun panduslar oʻrnatilishi qatʼiy talab sifatida belgilandi.

Eng muhimi, endilikda quruvchilarning ham tajribasi, malakasi oshib bormoqda. Yangi dahada uy qurayotgan 40 ta qurilish tashkilotining pishiq gʻisht, sement va boshqa qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlari mavjud. Xorijdan eng soʻnggi rusumdagi qurilish texnikalari sotib olingan.

Har bir uy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlanib, tom qismiga quyosh panellari oʻrnatilyapti. Kommunikatsiya jihozlari yer ostida – bitta tunnelda jamlanmoqda. Bu keyinchalik taʼmirlash ishlarini qulay sharoitda, sifatli bajarish imkonini beradi.

— Uylar loyihasi rang-barang: birining tom qismida yashil hudud tashkil etilayotgan boʻlsa, yana birida sport maydoni, umumiy ovqatlanish shoxobchalari boʻladi, — deydi quruvchi Abdulaziz Usmonov. — Birinchi qavatda kundalik foydalaniladigan jihozlar, bolalar velosipedlari, oʻyinchoqlarini saqlashga moʻljallangan maxsus joy hozirlanyapti. Bu xonadon sohiblarini kerakli jihozlarni har kuni yuqori qavatga olib chiqish va olib tushishdan xalos etadi.

Yangi dahada viloyatdagi qurilishga daxldor barcha idoralarning koʻchma ofislari, sifat laboratoriyalari tashkil etilganini aytib oʻtish oʻrinli. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi L. Pozilovning urgʻu berishicha, qurilish jarayonlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, dunyoga mashhur qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Shu bois har bir jarayon jahon andozalari darajasida boʻlishiga harakat qilinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, ayni paytda viloyatning Fargʻona va Yozyovon tumanlarida ham “Yangi Oʻzbekiston” dahalari qurilishi jadallik bilan davom etmoqda.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?