Fargʻonada “tugʻilgan” 3 egizakning biri qayerda?

19:37 23 Oktyabr 2020 Jamiyat
466 0

Fargʻona viloyat prokuraturasi “3 egizak qayerda Fargʻonada tugʻuruqxonada yoʻqolgan chaqaloq voqeasi” sarlavhali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

"Joriy yilning 9-iyul kuni fuqaro M.M. Fargʻona shahar prokuraturasiga murojaat qilib, unda qizi F.Gʻ.ning homiladorligi davridagi tekshiruvlar 3 ta egiz homilasi borligini koʻrsatgan boʻlsada, Fargʻona viloyat perinatal markazida oʻtkazilgan 04.07.2020-yilgi kesarcha kesish amaliyotida faqat 2 nafar qiz chaqaloq olinganligini bildirib, holatga oydinlik kiritilishini soʻragan.

Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida homiladorlikning 26-haftasiga qadar oʻtkazilgan jami 16 ta ultratovush tekshiruv natijalari F.Gʻ.da ikki egiz homila borligini koʻrsatganligi aniqlangan.

Homiladorlik davrining 26-haftasidan soʻng oʻtkazilgan 4 ta ultratovush tekshiruvlari davomida F.Gʻ.ning semizlik darajasi yuqori boʻlganligi, patologik soya (artefakt) goʻyoki 3-homila boʻlib koʻringanligi tufayli unda uch egiz homila borligi haqida xulosalar qilinishiga olib kelgan hamda ushbu xulosalar asosiy tashxis boʻlmasligi maʼlum boʻlgan.

Tekshiruv davomida olingan kesarcha kesish amaliyotida bevosita ishtirok etgan, ultratovush tekshiruvlarini amalga oshirgan tibbiyot xodimlarining tushuntirish xatlari, tibbiyot xodimlariga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi, tibbiy va boshqa hujjatlar asosida F.Gʻ.ning 3-egiz farzandni dunyoga keltirganligi haqidagi vaj oʻz tasdigʻini topmagan.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan 18.07.2020-yilda jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu haqda murojaat muallifiga maʼlum qilingan", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?