Fargʻonada taniqli ozarbayjonlik olim urologiya markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda

15:52 10 Iyun 2022 Jamiyat
151 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda ozarbayjonlik taniqli urolog-jarroh, transplantolog, olim Rashad Sholan bilan boʻlib oʻtgan samimiy muloqotda Fargʻona shahrida zamonaviy tibbiyot markazi tashkil etish loyihasini amalga oshirishga kelishib olindi.

Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan uchrashuvda Rashad Sholan Fargʻona vodiysi aholisi uchun yuqori sifatli urologik tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi markaz qurish niyatida ekanligini taʼkidladi. Maʼlum boʻlishicha, markazda Fargʻona vodiysi viloyatlari, shuningdek, qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistonning chegaradosh viloyatlari aholisi uchun buyrak koʻchirish amaliyoti bilan bogʻliq barcha tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, bolalar urologik kasalliklarini davolash koʻzda tutilmoqda.

Oʻz navbatida bu yerda mahalliy mutaxassislar uchun mahorat sinflari, malaka oshirish amaliyotini shakllantirish ham maqsad qilingan.

Xayrullo Bozorov ushbu taklifni maʼqullab, Fargʻona viloyatida bunday markazning tashkil etilishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilishini maʼlum qildi.

Tashrif doirasida doktor Rashad Sholan Fargʻona shahridagi «Biotest» klinikasida begʻaraz asosda 3 nafar bemor bolada murakkab urologik jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?