Fargʻonada “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi

11:41 05 Iyun 2022 Jamiyat
512 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan “Soʻx” nomli zamonaviy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, kasaba uyushmalari, Fargʻona viloyati hokimligi, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, elimiz ardogʻidagi ustoz va murabbiylar, taniqli ijodkor va sanʼatkorlar, nuroniylar va mahalla faollari, ota-­onalar hamda bolajonlar ishtirok etdilar.

Tadbirda tashkilotchilar bugungi kunda mamlakatimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining har bir sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning eng avvalo inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilganligini alohida taʼkidladilar.

— Prezidentimizning yuksak eʼtiborlari natijasida oʻtgan besh yil ichida Soʻxda ulkan tarixiy yangilanishlar amalga oshirildi, — deya taʼkidladi oʻz soʻzida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov. — Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyati Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori hamda uning ijrosi natijasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar fikrimizning yorqin dalilidir. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash zarurki, bundan atigi besh-olti yil ilgari kimdir Soʻxga viloyat markazidan aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi, soʻxlik yoshlar uchun oliy taʼlimda maxsus grantlar ajratiladi, turli imtiyozlar beriladi, desa birov ishonarmidi?! Bularning barchasi Yurtboshimizning oʻz xalqiga, xususan, soʻxliklarga boʻlgan qaynoq mehri va gʻamxoʻrligining yorqin ifodasidir! Bugun tantanali ravishda foydalanishga topshirilayotgan ushbu muhtasham va zamonaviy tipda bunyod etilgan inshoot — “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ham Prezidentimiz tashabbusi va eʼtiborlari natijasidir.

Shuningdek, tadbir davomida soʻzga chiqqanlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, Soʻx tumani aholisiga, xususan, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, ehtiyojmand oilalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, turli millat vakillari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning yanada mustahkamlanishi uchun amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, umumiy maydoni qariyb 5 gektar boʻlgan “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi 200 oʻringa moʻljallangan boʻlib, yozgi mavsum davomida 5 navbatda jami 1000 nafar bola dam oldirib, sogʻlomlashtirishga moʻljallangan. Ushbu maskanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari uchun 27 milliard 560 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilganligining oʻziyoq mamlakatimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama barkamol etib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri darajasiga koʻtarilganligining yorqin dalilidir.

“Soʻx” oromgohida oʻgʻil-qizlarning miriqib hordiq chiqarishi bilan birga, jismonan chiniqib, salomatliklarini mustahkamlashlari, bilimlarini oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash zarurki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan maʼnan va jismonan sogʻlom avlod tarbiyasi borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar va ularning natijalari nafaqat mamlakatimiz miqyosida, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Shu maʼnoda jahon andozalari talablariga mos ravishda barpo etilgan “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi tom maʼnoda oʻgʻil-qizlarni nafaqat maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish, balki ularning intellektual salohiyatlarini rivojlantirish, oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi markaz sifatida faoliyat koʻrsatadi. Buning uchun ushbu maskanda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, Soʻx ahli farzandlari uchun Prezidentimizning ajoyib tuhfasi boʻlgan ushbu oromgohda barcha qulayliklarga ega Madaniyat va maʼrifat markazi, oʻzbek mutafakkirlari va adabiyot namoyondalari bilan bir qatorda jahon adabiyoti durdonalari sirasiga kiruvchi boy kitoblar zaxirasiga ega zamonaviy Axborot-resurs markazi, eng soʻnggi rusumdagi koʻrgazmali vositalar va jihozlar bilan taʼminlangan toʻgarak xonalari, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan salobatli tantanalar maydoni, yarim ochiq amfiteatr, tibbiyot xonasi, jahon standartlari talablariga javob beruvchi suzish havzasi, sport va bolalar maydonchalari, zamonaviy loyihalar asosidagi yotoq binolari, shiyponlar, lojuvard favvora, barcha shart-sharoitlar va qulayliklarga ega boʻlgan oshxona, yuvinish xonalari barpo etilib, zamonaviy mebel va jihozlar bilan taʼminlandi hamda bolajonlar ixtiyoriga topshirildi.

Shuningdek, dam olish maskanida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oromgohda ota-onalar uchun shinam suhbat ayvonchalari ham barpo etildi. Ushbu inshootlarning barchasi bolajonlarning har tomonlama kamol topishiga, maʼnan va jismonan sogʻlom avlod boʻlib voyaga yetishlariga xizmat qilishiga shubha yoʻq.

Tantanali tadbirda yangi barpo etilgan oromgohning haqiqiy egalari boʻlgan soʻxlik aziz bolajonlarga “Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining ramziy kaliti, dam olish maskani uchun esa “Damas” avtomashinasi topshirildi.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, bugun mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalarda birdek olib borilayotgan islohotlar qatorida barkamol avlodni tarbiyalash borasida ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash borasidagi Oʻzbekiston tajribasi xalqaro ekspertlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar eʼtiborini ham tortmoqda. Zero, davlat va jamoat tashkilotlarining saʼy-harakatlari hamda imkoniyatlarini bolalarni sifatli dam oldirish va sogʻlomlashtirishni taʼminlashga ijtimoiy sheriklik asosida yoʻnaltirish amaliyoti Oʻzbekistonda yaratilgan noyob tizimlardan biridir.

Mazkur yoʻnalishlardagi ishlarga munosib hissa qoʻshish maqsadida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi besh yil davomida Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 8 ta zamonaviy bolalar oromgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada, har yili qoʻshimcha 9 ming nafar bolani sogʻlomlashtirish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda ushbu oromgohlarda mehnatkashlar farzandlarining maroqli hordiq chiqarishlari taʼminlanmoqda.

“Soʻx” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining tantanali ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbuslari bilan joriy yilning may oyida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi mutasaddiligidagi Xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan Fargʻona viloyatining Soʻx tumanidagi 27 ta mahalla, Fargʻona tumanidagi Shohimardon va Yordon mahallalari hamda Rishton tumanining Chungʻara mahallasidagi masʼullar oʻrtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi xotin qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovlarining Soʻx tumani boʻyicha gʻoliblarini taqdirlash tadbiriga ulanib ketdi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha samarali hamkorlik tizimi joriy etilgan boʻlib, bugun ushbu tizim oʻz ijobiy samarasini bermoqda. Mazkur tanlovlar ham aholi muammolarini “xonadonbay” va «fuqarobay» oʻrganish va ularni hal etishga koʻmaklashish, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini taʼminlash hamda ayollarning muammolarini hal etishda oʻzining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna koʻrsatgan masʼullarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazildi.

“Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovlarida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblarning har biriga diplom va 20 million soʻmdan pul mukofotlari, 2-oʻrinni egallagan ishtirokchilarning har biriga diplom va 30 million soʻmdan pul mukofotlari topshirildi.

Qolaversa, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovlarida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblarning har biriga diplom va Prezident sovgʻasi – avtomobillar kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan oʻzlarining fidoyi mehnatlari uchun munosib taqdirlangan insonlar yana bir bora samimiy qutlandilar.

Respublikamizning eng soʻlim goʻshalaridan biri boʻlgan Soʻx tumanining shirindan-shakar bolajonlari uchun barpo etilgan oromgohni esa sogʻlomlashtirish mavsumining 1-navbatida dam olish uchun kelgan 200 nafar oʻgʻil-qizning shoʻx-shodon kulgilari-yu, ular ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar sadolari qurshab oldi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, ushbu maskan Soʻxning yanada rivoj topishi uchun xizmat qiladigan vatanparvar yoshlar yetishib chiqishidek ezgu ishlarga munosib hissa qoʻshishiga shubha yoʻq.

Shundan soʻng tadbirga yigʻilganlar eʼtiboriga sanʼat ustalari va bolajonlar ijrosidagi konsert dasturi havola etildi.

Tantanali tadbir yakunida oʻtkazilgan mushakbozlik va samoga uchirilgan rang-barang sharlar barchaga koʻtarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.

Bu hali hammasi emas. Xuddi shu kuni Soʻx tumanining markaziy sport maydonida tuman aholisi uchun madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda shoir va yozuvchilar, adabiyot va sanʼat namoyondalari, taniqli sanʼatkorlar ishtirok etdilar. Ular ijrosidagi Ona Vatanni, insoniylik va mehr-oqibatni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar tuman aholisiga xush kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirga yigʻilgan otaxonu onaxonlar bugungi dorulomon kunlarga yetganlari uchun shukronalar aytib, duolar qildilar. Ona Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilish uchun zavqu shavqi va gʻayrati joʻsh urib turgan yoshlar esa oʻz xursandchiliklarini ijro etilgan kuy va qoʻshiqlarga monand raqslari orqali ifoda etdilar.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?