Fargʻonada “SAVE ARAL – 2022» yugurish marafoni oʻtkazildi

16:45 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
247 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida “Orolni saqlaymiz!” shiori ostida “SAVE ARAL – 2022» yugurish marafoni boʻlib oʻtdi.

Ipakchilar shahrida oʻtkazilgan ommaviy yugurish marafonida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 3000 nafarga yaqin 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan havaskor sportchi yoshlar, professional sportchilar, harbiylar, imkoniyati cheklangan shaxslar hamda keng aholi qatlami vakillari ishtirok etishdi.

— Musobaqa tabiatga nisbatan doʻstona munosabatni shakllantirish hamda hamyurtlarimiz oʻrtasida sportni ommalashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, — deydi Fargʻona viloyati sportni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Hakimov. — Bugungi musobaqa keyingi yillarda viloyatda aholini sportga ommaviy ravishda jalb etish ishlari ancha yaxshilanganini yana bir bor namoyon etdi.

Shu kuni 3 kilometr masofani bosib oʻtgan Dangʻara tumanidan Hasanjon Akbaraliyev faxrli birinchi oʻringa sazovor boʻlgan boʻlsa , toshloqlik Ahror Mahmudaliyev ikkinchi hamda Fargʻona shahridan Rahmatilla Nuraliyevlar uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Marafon yakunida gʻolib va sovrindorlar hamda faol ishtirokchilar alohida nominatsiyalar boʻyicha viloyat hokimligi hamda hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, joriy yilning 8-oktyabr kuni xuddi shu kabi marafon Qoʻqon shahrida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?