Fargʻonada salomatlik karvoni: hududlarda tibbiy koʻriklar oʻtkazilmoqda

12:12 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
264 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat boʻylab salomatlik karvoni tashkil etilib, aholi oʻrtasida bepul tibbiy koʻriklar tashkil etilmoqda.

Salomatlik karvonining navbatdagi manzili Fargʻona tumani boʻldi va viloyat tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan 36 nafar yetakchi mutaxassislardan iborat guruh tomonidan bepul tibbiy koʻrik oʻtkazildi.

— Tuman tibbiyot birlashmasida uyushtirilgan sayyor qabulda 500 nafardan ziyod hamyurtlarimizning salomatligi oʻrganildi, — deydi Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov. — Salomatlik karvoni doirasida bevosita oʻzim 20 nafardan ortiq fuqarolar murojaatlarini hal etishga koʻmaklashdim.

Xususan, qabul jarayonida ikki nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga “Zilol” sanatoriysi hamda “Shohimardon” viloyat pulmonologiya shifoxonasiga davolanish uchun yoʻllanma berildi. Ikki nafar murojaatchining nogironlik guruhi belgilash boʻyicha iltimosi shu yerning oʻzida hal etildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 nafardan koʻproq fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari tarqatildi.

Eʼtiborlisi, shu kuni tumanning chekka hududida joylashgan «Yambaroq» va “Yoyilma” MFYlarda yangi tashkil etilgan mahalla tibbiy punktlari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер