Fargʻonada Qozogʻiston va Belarus kinosi kunlari boʻlib oʻtadi

09:35 12 Sentyabr 2022 Jamiyat
457 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, shu yilning 13-18-sentyabr kunlari mamlakatimizda “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

16-17-sentyabr kunlari festival doirasida Fargʻona viloyatida “Tinchlik, taraqqiyot va maʼrifat” shiori ostida “Xorijiy mamlakatlar kino kunlari” tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. Shu maqsadda kinofestival tadbirlari oldidan “Kino besh kunda”  II yosh kinoijodkorlar tanlovi uchun Fargʻona viloyatining Qoʻqon, Margʻilon shaharlari hamda Rishton tumanida qisqa metrajli filmlar suratga olinadi.

Kinoanjumanda Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyida “Belarus kino kunlari”, Qoʻqon shahar musiqali drama teatrida esa “Qozogʻiston kino kunlari” boʻlib oʻtadi. Nufuzli tadbirlarda «Belarusfilm» hamda «Kazaxfilm» rahbarlari, belarussiyalik va qozogʻistonlik mashhur aktyor va aktrisalar, Toshkent shahridan kelgan taniqli kinoijodkorlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir davomida Fargʻona viloyati hokimligi, Kinematografiya agentligi viloyat boʻlimi bilan birgalikda Fargʻona shahrida joylashgan Alisher Navoiy kinoteatridagi qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari yakunlanib, «SHHT mamlakatlari kino xaftaligi» kunlari foydalanishga topshirish maqsad qilingan.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati mutaxassisi Nurbek Mirzayevning “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, Alisher Navoiy kinoteatrida ikkita 250 oʻrinli kinozal toʻliq taʼmirlanib, zamonaviy DSP formatdagi kinoqurilma oʻrnatish ishlari yakuniga yetkazilyapti.

Oʻz navbatida kinofestival kunlari “Kinokarvon” aksiyasi oʻtkazish orqali xorijiy filmlar namoyishi va taqdimotlari, chet ellik kinoyulduzlar bilan qiziqarli uchrashuvlar oʻtkaziladi. Fargʻona viloyatining tarixiy-madaniy yodgorliklari boʻylab maroqli sayohatlar uyushtiriladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?