Fargʻonada poliyester toladan mato ishlab chiqaruvchi mamlakatimizdagi ilk korxona faoliyat boshladi

14:22 15 Avgust 2022 Jamiyat
238 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida Fargʻona shahrida “VinteksCo” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Taʼkidlash joizki, istiqbolli loyiha doirasida yangi korxonada poliyester toladan dasturxonbop va pardabop matolar ishlab chiqariladi.

— Oʻtgan yili viloyat hokimi mahallamizda boʻlib, koʻp yillardan buyon boʻsh turgan sobiq pillani qayta ishlash fabrikasi oʻrnida zamonaviy loyiha asosida yangi korxona tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi, — deydi fargʻonalik tadbirkor Furqatjon Bobojonov. — Biz oʻtgan qisqa vaqt davomida viloyat hokimligi koʻmagida eski fabrika hududida ish boshlagan uchinchi korxona boʻldik. Dastlabki bosqichda 50 ta yangi ish oʻrni tashkil etilib, xitoylik mutaxassislarni jalb etgan holda yillik 300 ming pogonometr mato ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Yaqin istiqbolda yillik ishlab chiqarish hajmini 650 ming pogonometrga yetkazish hisobiga yana qoʻshimcha 50 ta ish oʻrni yaratishni rejalashtirganmiz.

Uch million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga tashkil etilgan mazkur korxonaning ochilishi yurtimizga asosan Turkiya va Xitoydan keltirilayotgan dasturxon va pardabop matolar importini kamaytirish imkonini beradi. Mahalliy isteʼmolchilar va ichki bozor raqobatbardosh sifatli mahsulot bilan taʼminlanadi.

Korxonaning taqdimot marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?