Fargʻonada oʻqituvchilarga viloyat hokimining maxsus ustamasi joriy etildi

18:58 05 Oktyabr 2022 Jamiyat
657 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu yilning 1-oktyabridan viloyatda 122 nafar faol va fidoyi oʻqituvchilarga Fargʻona viloyati hokimi ustamasi berila boshlandi.

Maʼlumki, 2021-yil yakunlariga bagʻishlab dekabr oyida oʻtkazilgan Xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashining sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan ezgu tashabbus ilgari surilgan edi.

Unga koʻra, viloyatda barkamol avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlida eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan maktab oʻqituvchilari uchun viloyat hokimining maxsus ustamasi joriy etilishi belgilangandi.

— Tashabbusni roʻyobga chiqarish uchun oʻquvchilari xalqaro, respublika va viloyat fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan, faoliyati davomida yuqori natijalarga erishayotgan oʻqituvchilar va maktab direktorilardan 122 nafarining roʻyxati shakllantirildi, — deydi Fargʻona viloyati xalq taʼlim boshqarmasining maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Abdujabbor Gʻaniyev. — Bu yilgi Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayramida ilk marotaba ustama pullari toʻlab berildi. Shu tariqa ustamaga loyiq koʻrilgan oʻqituvchilarga oylik ish haqining 20 foizidan 100 foizigacha miqdorda viloyat hokimining ustamasi ajratildi. Qoʻshimcha ragʻbatlantirish puli butun oʻquv yili davomida toʻlab boriladi.

Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Odiljon Jalolovning “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, yutuqlarga erishayotgan oʻqituvchi va oʻquvchilarga qarab, yangi oʻquv yilida ustama oluvchilar soni yanada oshib borishi mumkin. Bunday oʻqituvchilar roʻyxati aniq natijalarga qarab, ochiq va shaffof tarzda shakllantiriladi. Bu amaliyotni doimiy davom ettirib, har chorak yakuni boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan 200 nafar oʻqituvchilarga viloyat hokimining ustamasi berib boriladi.

— Besh yildan buyon oʻzim oʻqigan maktabda oʻquvchilarga biologiya fanidan dars beraman, — deydi Soʻx tumanidagi 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Hamidullo Mirzoyev. — Ayni jarayonda maktabda, akademik litsey va Fargʻona davlat universitetida ustozlardan olgan saboqlarim qoʻl kelmoqda. Darsdan qoʻshimcha repititorlik faoliyati bilan ham shugʻullanaman. Shu yilning oʻzida oʻnlab shogirdlarim mamlakatimizdagi tibbiyot yoʻnalishiga ixtisoslashgan nufuzli oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻlishdi.

“Ustoz-2021” koʻrik-tanlovida respublika final bosqichi ishtirokchisi boʻlganman. Koʻplab oʻquvchilarim bilimlar bellashuvlari va fan olimpiadalarida yaxshi natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqdalar.

Taʼkidlash joizki, viloyat hokimining mazkur tashabbusi, eʼtibor va ragʻbat fargʻonalik oʻqituvchilarga gʻayrat-shijoat, motivatsiya beradi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер