Fargʻonada 231 million soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyildi

15:54 19 Sentyabr 2022 Jamiyat
226 0

Foto: Xalq so‘zi

Bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda kuchli tasir qiluvchi dori vositalarining yurtimizga noqonuniy ravishda olib kirilishi, saqlanishi hamda aylanishiga tizimli ravishda qarshi kurash olib borilmoqda.

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari viloyat DXX bilan hamkorlikda kuchli tasir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida “Fargʻona-Qoʻqon” avtomobil yoʻlida harakatlanayotgan N.A. boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi tezkor kuzatuvga olindi. Mashina Oltiariq tumani hududida toʻxtatilib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada avtomashina old oʻrindigʻida ikki dona qora rangli sellofan paketda xorijda ishlab chiqarilgan, sifati va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, umumiy qiymati 231 million soʻmlik 80 ta oʻramda 1118 dona «Regopen 300 mg» hamda 398 dona «Tropikomid 10mg» nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?