Fargʻonada Koreya tajribasi asosida bolalar bogʻchasi tashkil etiladi

19:06 19 Aprel 2022 Jamiyat
291 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyati hokimligi qabullar uyida Koreya-Oʻzbekiston biznes assotsiatsiyasi rahbari Edvard Kim, assotsiatsiyaning viloyatdagi vakolatxonasi rahbari Yun Jeong Sok, Janubiy Koreyaning “Edulink Global” kompaniyasi prezidenti Chungrim Xan, kompaniya direktori Jang Von Lidan ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda “Edulink Global” kompaniyasi tomonidan Fargʻona shahrida barpo etishga kirishilayotgan zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi loyihasini amalga oshirish jarayonlari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Innovatsion taʼlim tizimiga asoslangan ushbu majmuada ingliz tili chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladi, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari, muassasa xodimlari, mutasaddi davlat tashkilotlari masʼullarini jamlagan onlayn platforma ham yaratiladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning mart oyida Koreyaga tashrifi doirasida Seulda muzokaralar oʻtkazilib, “Edulink Global” kompaniyasi bilan Fargʻonada maktabgacha taʼlim sohasiga investitsiya kiritish maqsadida 2 million dollar qiymatidagi hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

— Bu loyihani amalga oshirish uchun Fargʻona viloyati tanlangani bejiz emas, — dedi Chungrim Xan. — Oʻzbekiston, xususan, Fargʻona viloyati bilan oʻzaro samimiy, doʻstona munosabatlar yangi bosqichda rivojlanayotgani istiqbolli va ezgu maqsadlarga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga turtki beradi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер