Fargʻonada Koreya kinofestivali tashkil etildi

11:57 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
225 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona shahrida joylashgan viloyat teatr-konsert saroyida Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 30 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Koreya kinofestivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi Sang oʻzbek tilida nutq soʻzlab, ona tilimizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtiromini namoyon etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan taniqli sanʼatkorlar, kino ixlosmandlari va yoshlar ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar tobora rivojlanib borayotganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar.

— Bu kabi madaniy tadbirlar xalqlarimiz uchun tinchlik, doʻstlik ramzi sifatida ham gʻoyatda muhim ahamiyatga ega, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Yorqinoy Hotamova. — Ishonamizki, bundan buyon bu kabi festivallarni oʻtkazib borish yaxshi anʼanaga aylanadi hamda oʻzbek va koreys xalqlarining doʻstona munosabatlari abadiy boʻlishi uchun xizmat qiladi.

Festival doirasida koreyalik rejissyor Chxve Von Sop tomonidan suratga olingan komediya va jangovar janrdagi «Hitman» filmi tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. Shu kuni kinoijodkorlar ishtirokida samimiy muloqot ham oʻtkazildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Koreya kinofestivali Toshkent va Xiva shaharlarida 14-oktyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?