Fargʻonada xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish masalasi oʻrganildi

14:31 28 Fevral 2022 Jamiyat
687 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyati hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyati, shahar va tuman Kengashlarining qoʻshma majlisi oʻtkazildi.

Unda joriy yilning 24-26-fevral kunlari Oliy Majlis Senati ishchi guruhi tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Fargʻona viloyatidagi ijrosi yuzasidan olib borilgan oʻrganish natijalari tanqid va tahlil ruhida sarhisob etildi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan majlisda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, qoʻmita raisi oʻrinbosari Mahmudjon Parpiyev, viloyat hokimining oʻrinbosari – viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Bahodir Xoliqov, viloyatdan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, kun tartibiga kiritilgan masalaga aloqador davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini koʻrsatish uchun qulay sharoit yaratish va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayon ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham oʻz ifodasini topayotir.

Xususan, yuqorida keltirilgan Qonunning amaliyotga tatbiq qilinishi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, shuningdek, gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish, ularni oilada va jamiyatda himoyalashning institutsional asoslarini takomillashtirish saʼy-harakatlarini bir qadar jonlantirdi. Shu bilan birga hali bu yoʻnalishda qilinadigan ishlar bor va anchagina.

Qoʻshma majlisda Senat ishchi guruhi oʻrganishlari natijalari, aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mahmudjon Parpiyevning maʼruzasi tinglandi.

Shundan soʻng Senat qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova va shahar-tuman studiyalaridan qatnashgan masʼullar ishtirokida xotin-qizlarni tazyiq hamda zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlar muhokama qilindi. Bu borada viloyat shahar-tumanlarida oilalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida olib borilgan oʻrganish ishlari davomida aniqlangan kamchiliklarga eʼtibor qaratildi.

Qonun ijrosini taʼminlashga masʼul idoralar, huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlarining muhim vazifalari boʻyicha onlayn muhokamalar oʻtkazilib, aniq maqsad va reja asosida ish tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?