Fargʻonada Xitoy kompaniyasi kichik GESlar qurilishi loyihalariga investitsiya kiritadi

06:37 03 Aprel 2023 Jamiyat
412 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Feng Yuan kompaniyasi rahbari Goyin Fu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi tomonidan Fargʻona viloyati hududida zamonaviy kogeneratsiya tizimi, yaʼni, bir paytning oʻzida issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, kichik GESlar qurish hamda biochiqindilardan energiya olishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmatining “Xalq soʻzi” muxbiriga xabar berishicha, bugungi kunda viloyatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlashda bu kabi innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishda xorijiy investitsiyalarni jalb etishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Xususan, bu borada katta xarajat talab qilmaydigan ixcham gidrostansiyalar qurish orqali qoʻshimcha energiya quvvati manbalari yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Yuzma-yuz muloqotda Xayrullo Bozorov viloyat hokimligi tomonidan Feng Yuan kompaniyasi tomonidan koʻzda tutilayotgan loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Xitoy kompaniyasi mamlakatimizda energetika loyihalarini amalga oshirishda loyihalashtirishdan foydalanishga topshirishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oluvchi klaster tizimi tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?