Fargʻonada yengil sanoat sohasida Italiya tajribasi asosida oʻquv markazlari tashkil etiladi

14:49 18 Iyul 2022 Jamiyat
335 0

Illustrativ foto

Fargʻona viloyati hokimligida Italiyaning “Itema” xoldingi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Taʼkidlanganidek, Fargʻona viloyati tadbirkorlari yarim tayyor va tayyor yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda katta salohiyatga ega. Ayni jarayonda Yevropa davlatlari talablariga javob beruvchi mahsulotlar hajmi va sifatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda paxtachilikdagi imkoniyatlarni inobatga olib, Fargʻona viloyatida “Itema” xoldingi jihozlari uchun servis markazi hamda mutaxassislarni oʻqitish markazlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu borada joriy yilning sentyabr oyida “Itema” xoldingi rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifi buyurishi va muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi.

Aytish oʻrinliki, ushbu xolding keng assortimentdagi tekstil matolari, jihoz va uskunalari orqali jahon bozorida mustahkam oʻrniga ega. Hozirgi kunda dunyoning 7 ta davlatida ishlab chiqarish quvvatlari hamda 13 ta megapolis shaharlarda ofislari faoliyat koʻrsatmoqda.

Tekstil korxonalari uchun xolding tomonidan ishlab chiqarilayotgan jihozlar asosan Xitoy, Turkiya, Hindiston va Yevropa mamlakatlarida sotiladi.

Dastlabki bosqichda “Itema” xoldingi jihozlarini viloyatning Rishton tumanidagi “RusUzbekteks” qoʻshma korxonasi va Quva tumanida joylashgan “Quvatekstil” AJga oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?