Fargʻonada boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi boʻlib oʻtdi

20:53 26 Iyul 2022 Jamiyat
389 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatida boʻshab qolgan oʻrinlarga Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari saylovi boʻlib oʻtdi.

20-Bagʻdod, 26-Dangʻara, 35-Tinchlik, 40-Paxtakor, 43-Boʻston, 47-Zarkent, 54-Gʻafur Gʻulom, 55-Vodil hamda 57-Hamid Olimjon saylov okruglarida oʻtkazilgan saylovlarda saylovchilar oʻzlari tanlagan munosib nomzodlar uchun ovoz berdi. Shu tariqa boʻshab qolgan oʻringa saylangan deputatlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisida viloyat saylov komissiyasi raisi Ilhom Mamajonovning qarori qabul qilindi.

Saylovchilar ishonchiga sazovor boʻlgan nomzodlarning 3 nafari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, 3 nafari Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, 2 nafari Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, 1 nafari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi aʼzosi hisoblanadi.

20-Bagʻdod saylov okrugidagi 19 ta saylov uchastkasida ham ushbu siyosiy tadbir saylovchilar uyushqoqligida tashkil etilib, unda roʻyxatga olingan saylovchilarning 80 foizdan ziyodi ishtirok etdi.

— Tayyorgarlik ishlari jarayonida koʻrgazmali seminar oʻtkazilib, ushbu jarayonning barcha kerakli jihatlari boʻyicha saylov uchastkasi aʼzolarining amaliy koʻnikmalari oshirildi, — deydi 432-saylov uchastkasi raisi Ziroatxon Hamdamova. — Bugungi saylovda roʻyxatga olingan 2400 nafar saylovchilar faollik koʻrsatib, oʻzlari maʼqul topgan nomzodni qoʻllab-quvvatladilar.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?