Fargʻonada “Bir million dasturchi” loyihasiga ikki yilda 10 ming nafar yigit-qiz qamrab olindi

13:30 01 Avgust 2022 Jamiyat
546 0

Foto: Халқ сўзи

Malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash maqsadida ayni paytda “IT-park» Fargʻona viloyati filiali tarkibida 19 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.

— Oʻtgan davr mobaynida viloyatda qariyb 10 ming nafar yigit-qizlar kompyuter savodxonligi hamda dasturlash kurslarida oʻqitildi, — deydi Margʻilon shahrida joylashgan Raqamli texnologiyalar markazi direktori Bahromjon Jalilov. — Yozgi taʼtil davrida ham markazlarimizda yoshlar bu borada zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmaga ega boʻlmoqda.

Viloyatda ayni sohaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan 900 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilib, 3 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filialida joylashgan Inkubatsiya markazida mavzu yuzasidan 20 dan ortiq seminar-treninglar tashkil etildi. Oʻz navbatida 10 nafardan ziyod talabalar loyihalari taqdimoti oʻtkazilib, ularning 16 ta istiqbolli startap loyihasini amaliyotga joriy etishga koʻmaklashildi.

2022-yilning sentyabr oyida Qoʻqon pedagogika institutida hamda yil yakuniga qadar Fargʻona politexnika institutida ana shunday inkubatsiya markazlarini ochish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda qurilish va jihozlash ishlari jadal davom ettirilmoqda.

2021-yili fargʻonalik oʻquvchi va talaba-yoshlarning IT yoʻnalishida 5 ta startap loyihasi moliyalashtirilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida 85 ta startapning 9 tasiga 402,8 mln. soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?