Fargʻonada Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi tantanali nishonlandi

12:06 10 Fevral 2025 Jamiyat
187 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahridagi xiyobonda buyuk mutafakkir, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Fargʻona viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar, yangi avlod vakillari hamda mumtoz adabiyotimiz ixlosmandlari jamuljam boʻlishdi.

Tantanali tadbirni Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzodjon Polvonov ochib, ishtirokchilarni hazrat Navoiy tavalludi kuni bilan samimiy qutladi. Ulugʻ ajdodimizning xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni, yaratuvchanlik va bunyodkorlik sohasidagi ezgu tashabbuslarini alohida eʼtirof etib oʻtdi.

— Alisher Navoiy bobomizning boy ilmiy-adabiy merosi, betakror asarlari abadiyatga daxldordir, — deydi navoiyshunos olim, professor Habibulla Joʻrayev. — Xususan, “Xamsa” dostoni adabiy qahramonlari hamon xalqimizni el-u yurt manfaati yoʻlida astoydil kamarbasta boʻlishga chorlaydi. Ona zamin va tabiat goʻzalliklarini asrash hamda yurtni obod qilishga ragʻbatlantiradi.

Tadbir doirasida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan Alisher Navoiy gʻazallari va ruboiylaridan namunalar oʻqildi. Margʻilon shahridagi musiqali maqom teatri aktyorlari turli sahna koʻrinishlari, kuy-qoʻshiqlarni ijro etishdi.

Ehtirom tadbiri davomida Alisher Navoiy haykali poyi anvoyi gullar bilan bezandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?