Fargʻonada “Adabiyot kunlari” boʻlib oʻtmoqda

14:48 02 Dekabr 2021 Jamiyat
389 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu kunlarda ne-ne oʻtkir qalam sohiblariga beshik boʻlgan soʻlim Fargʻona viloyatida “Adabiyot kunlari” boʻlib oʻtayotganidan mamlakatimiz  jamoatchiligi yaxshi xabardor.

Fasohat bayrami Qoʻqonda oʻzbek adabiyotining yirik dargʻalari ishtirokidagi ilmiy-adabiy tadbir bilan boshlandi. Qoʻqon shahar davlat musiqali drama teatrida adabiyotshunos olim Umarali Normatov tavalludiga 90 yil, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludiga 85 yil, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir, dramaturg Saydali Odilov tavalludiga 80 yil toʻlganligi, Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning xotirasiga ehtirom koʻrsatish hamda rishtonlik isteʼdodli yozuvchi Isajon Sulton Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlangani munosabati bilan ularning ijodiy merosini oʻrganish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat  tarbiyalash borasidagi ahamiyatini targʻib qilishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, atoqli shoir va adiblar Mahmud Toir, Salim Ashur, Sirojiddin Rauf va boshqa oʻnlab taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, Saydali Odilov, Isajon Sulton va tavallud ayyomlari oʻtkazilayotgan ijodkorlarning oila aʼzolari, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid soʻz olib, oʻzbek adabiyotida fargʻonalik ijodkorlarning tutgan oʻrni, ijodiy merosi xususida toʻxtalib oʻtdilar. Jamiyatimizda kitobxonlikni targʻib qilish borasidagi keng qamrovli saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq aholining, ayniqsa, yoshlarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotgani taʼkidlandi. Ayni jarayonda Fargʻona viloyatida ham amalga oshirilayotgan ishlar sanab oʻtildi, hududlarda deyarli har bir mahallada kitob doʻkonlari tashkil qilingani eʼtirof etildi.

Bayram tadbirlari doirasida bugun Oltiariqda Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, Margʻilon shahrida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ijodiy meroslariga bagʻishlangan ilmiy-adabiy tadbirlar, adabiy suhbatlar oʻtkazilishi belgilangan.   

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер