Fargʻonada 64 million soʻmlik paqildoqlar savdosining oldi olindi

19:30 24 Noyabr 2022 Jamiyat
407 0

Foto: Xalq so‘zi

Yangi yil bayrami yaqinlashgani sayin ayrim qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan sifati kafolatlanmagan hamda xavflilik darajasi yuqori boʻlgan pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirishga boʻlgan urinishlar sezilarli darajada ortadi. Bu holatga qarshi bojxona organlari xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tizimli ravishda kurash olib bormoqda.

Fargʻona viloyat bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Vodil-Yozyovon” yoʻnalishida harakatlanayotgan R. Sh. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi Yozyovon tumani hududida toʻxtatilib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 31,6 million soʻmlik pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, boshqarmaning»Oʻzbekiston» chegara bojxona postida DXX Chegara qoʻshinlari xodimlari bilan hamkorlikda piyoda harakatlanayotgan E.F.ga tegishli yuklar tekshirildi. Va bu yuklar orasida hech qanday hujjatsiz 32,3 million soʻmlik pirotexnika vositasi borligi fosh etildi.

Ayni paytda ushbu holatlar boʻyicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?