Fargʻonada 48 ta maktabga 1 millard soʻmlik oʻquv jihozlari yetkazib berildi

12:51 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
356 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatida 48 ta maktabning kimyo, biologiya va fizika laboratoriya sinf xonalari uchun bir milliard soʻmlik 84 ta oʻquv jihozlari jamlanmalari yetkazib berildi.

— Prezidentimizning 2020-yil 12-avgust kungi “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bu borada ustuvor vazifalar belgilangan edi, — deydi Fargʻona viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov. Xususan, unda kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini qoʻshimcha moliyalashtirish, ularni jihozlash, oʻqituvchilarga ustama haq toʻlash koʻzda tutilgandi. Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimining tegishli farmoyishiga asosan, ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjetdan 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.

Shu tariqa viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tizimidagi 18 ta yapon taʼlim tizimi joriy etilayotgan maktablar hamda 30 ta umumtaʼlim maktablarning kimyo, biologiya va fizika laboratoriya sinf xonalari 3 xil turdagi 84 ta oʻquv jihozlari jamlamalari bilan taʼminlandi.

Maʼlumot uchun, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 2020-yili 26 ta maktabga 386 million soʻmlik, 2021-yili 30 ta maktabga 306 million soʻmlik laboratoriya jihozlari yetkazib berilgan edi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?