Hukumat tomonidan mahalliy turistik yigʻim miqdori tasdiqlandi 

12:39 02 Mart 2021 Iqtisodiyot
623 0

Hukumat tomonidan 2021-yil 9-fevralda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish tartibi hamda joylashtirish vositalaridan undiriladigan mahalliy turistik yigʻimning miqdori tasdiqlandi. 

Unga koʻra, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar 25 foiz arzon sotilib, ushbu chipta turoperatorlar orqali xarid qilinsa yana 15 foiz va umumiy 40 foiz chegirma taqdim etiladi. 

Shuningdek, turoperatorlar orqali xarid qilingan temiryoʻl chiptalariga 15 foiz, mehmonxona xizmatlariga 10 foiz qoʻshimcha chegirmalar berilishi belgilab berildi. 

Maʼlumot uchun: “Fargʻona vodiysidan qadimiy Xiva shahriga sayohat” turpaketini 5 kishidan iborat bir oila 6,6 mln soʻmga (avia va mehmonxona xizmati) xarid qilganda turoperatorlar tomonidan davlat subsidiyasi hisobiga fuqarolarimizga 2 mln soʻm chegirmalar berilib, 4,6 mln soʻmni tashkil etadi. Bunda, subsidiyalanadigan avia va temir yoʻl yoʻnalishlari, shuningdek, aviachipta hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyalanadigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) Maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.

Joylashtirish vositalaridan undiriladigan mahalliy turistik (mehmonxona) yigʻimning yashalgan kun uchun miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizi yoki bor yoʻgʻi 980 soʻmni tashkil etadi. 

Mazkur yigʻim joylashtirish vositalarining soliq solinadigan bazasiga kiritilmaydi hamda ichki sayohatlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan targʻibot, tashviqot va reklama tadbirlariga, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi. Shuningdek, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida: ish beruvchining turistik yoʻllanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida koʻrib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqishda chegirib qolinadi; jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari turistik yoʻllanmalarni sotib olishga yoʻnaltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. 

Taʼkidlash joizki, 2020-yilda joriy etilgan soliq imtiyozlari 2021-yil oxiriga qadar uzaytirildi. Birgina 2020-yilning oʻzida sohadagi tadbirkorlar: 26 mlrd soʻmlik yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilindi; foyda soligʻi 50 foizga yoki 10 mlrd soʻmga kamaytirildi; ijtimoiy toʻlovlar 12 foizdan 1 foizga tushirildi; 241 ta tadbirkorning 4 mingdan ortiq ishchi xodimlarini saqlab turish uchun foizsiz 16,1 mlrd soʻm ssudalar taqdim qilindi; 120 ta joylashtirish vositalariga har bir mehmon uchun mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizi miqdorida yoki qariyb 2 mlrd soʻm qoʻshimcha subsidiya berildi; olingan kredit toʻlovlari toʻxtatib turildi va ularning foizlarining bir qismi davlat jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoplab berildi. 

Yuqorida keltirilgan imtiyoz va preferensiyalardan samarali foydalangan holda turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari ichki turizm oqimlarini qayta shakllantirish ustida jadal hamkorlikda ishlarni tashkil etish lozim hisoblanadi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?