“Fargʻona vodiysi tekstil mahsulotlari” birinchi forumi oʻtkazilmoqda

15:16 04 Avgust 2022 Jamiyat
276 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati markazida boʻlib oʻtayotgan ushbu tadbirda vodiy tadbirkorlari, eksportyor korxonalar vakillari, tekstil korxonalar rahbarlari, tijorat banklari masʼullari hamda Rossiyadan tashrif buyurgan 50 nafardan ziyod importyorlardan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Taʼkidlab oʻtilganidek, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 2100 dan ortiq tekstil korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Shu bilan birga oʻzaro hamkorlik doirasida viloyatda 130 dan ortiq Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma korxonalari tashkil etilgan.

— Forumni tashkil etishdan maqsad tekstil yoʻnalishida viloyatdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va bu borada oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan, — deydi Fargʻona viloyati hokimligining investitsiyalar va tashqi savdo kotibiyati mudiri Azimjon Yuldashev. — Eʼtiborlisi, ushbu forum soha tadbirkorlari tashabbusi bilan oʻtkazilyapti.

Yuzma-yuz muloqotda tekstil mahsulotlarini eksport qilishda belgilangan tartiblar, bojxona talablari, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari, yuklarni transportda tashish jarayonlari, logistika markazlari faoliyati toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi. Rossiyalik mehmonlar uchun viloyatdagi tekstil korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi.

Forum 7-avgustga qadar davom etadi va uning doirasida ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish, viloyat shahar-tumanlarida faoliyat koʻrsatayotgan tekstil korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsad qilingan.

Yaqin istiqbolda “Fargʻona vodiysi tekstil mahsulotlari” birinchi forumi tajribasi asosida dunyo mamlakatlari, xususan, Yevropa davlatlari sarmoyadorlari va fargʻonalik tadbirkorlar oʻrtasida forumlar tashkil etish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?