Fargʻona viloyatida Yapon tibbiyot klinikasi tashkil etiladi. Kunchiqar yurt kompaniyalari brendi asosida mahsulotlar ishlab chiqariladi

16:39 05 Iyun 2023 Jamiyat
477 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyati hokimligi hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya 2-4-iyun kunlari Yaponiyada boʻlib, ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi.

 Muloqotlar davomida Fargʻona viloyati va kunchiqar yurt tadbirkorlari ishtirokida investitsiyaviy forum tashkil etildi. “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida barpo etilayotgan “Yapon sanoat texnoparki”da loyihalarni joylashtirish boʻyicha hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Yaponiyaning “Takii Seed” kompaniyasi rahbari Kazuxiko Matsumura bilan uchrashuvda Fargʻonada yuqori hosildor va sifatli qishloq xoʻjaligi urugʻlari yetishtirish loyihasini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Rishton tumanida tashkil etish koʻzda tutilayotgan ushbu korxonada aholi va fermer xoʻjaliklari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari yetishtiriladi. Shuningdek, gulchilik sohasi keng rivojlangan Quva tumanida ham korxonaning filialini ochish taklifi kompaniya mutasaddilari tomonidan maʼqullandi.

Fargʻona shahrida bunyod etilayotgan ekoshaharda 1 gektar maydonda zamonaviy Yapon tibbiyot klinikasi loyihasini amalga oshirishga kirishayotgan “NAGAI Clinic” kompaniyasi rahbari Koji Nagai bilan muloqotda loyihaning navbatdagi amaliy bosqichlari muhokama qilindi. Shu tariqa yaqin kunlarda Fargʻonada kelishuvlar yuzasidan investitsion hamkorlik memorandumi imzolanishiga hamda klinikaning tamal toshi qoʻyilishiga kelishib olindi.

Bu klinika Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi tomonidan ekoshaharda 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan qiymati 15 million dollarlik “Shogun city” yapon bogʻi, mehmonxona, restoranlar majmuasi bilan oʻzaro uygʻunlik kasb etishi maqsad qilingan.

Yaponiyaning yirik savdo brendi boʻlgan “Daiso” kompaniyasi bilan Fargʻonada savdo markazlarini qurish masalasida uchrashuv ham gʻoyatda samarali oʻtdi. Vitaminlar va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Meiji Seyaku”, qurilish uchun metall mahsulotlar yetkazib beruvchi “Sakura Tec”, uy-joy qurilishi uchun yogʻochni qayta ishlovchi “Kaneko”, avtomobil moylari va kimyoviy yuvish vositalari tayyorlashga ixtisoslashgan “NIOC”, Yaponiya va Markaziy Osiyo hamda Yevropa oʻrtasida transport-logistika xizmati koʻrsatuvchi “Japan DX & Polaris Logistics” kompaniyalari vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralar va uchrashuvlarda ham istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

                                                                              Botir Madiyorov

                                                                              (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?