Fargʻona viloyatida shu yilning ilk choragida faol soliq toʻlovchilarga 4,8 mlrd. soʻm keshbek toʻlab berildi

07:12 24 May 2022 Jamiyat
362 0

Foto: Халқ сўзи

Bu haqda Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari Nazarjon Polvonov taʼkidlab oʻtganidek, mamlakatimizda joriy yilning 1-yanvaridan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida amalga oshirilgan xarid chekining QR-kodini "Soliq" mobil ilovasida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1 foizi miqdorida keshbekka ega boʻla boshladi. Yangi amaliyot doirasida shu yilning birinchi choragida roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklar uchun respublika boʻyicha isteʼmolchilarga 68,1 mlrd.soʻm, Fargʻona viloyatida 4,8 mlrd. soʻm keshbek toʻlab berildi.

Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, davlat byudjetidan shuncha mablagʻ sarflab keshbek tizimini joriy qilishdan asosiy maqsad hamyurtlarimizda kassa cheki olish madaniyatini shakllantirish, noqonuniy pul aylanmasini kamaytirish hamda byudjetga soliq tushumlari hajmini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish, sohada taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida 2022-yil 1-yanvaridan soliq huquqbuzarliklariga qarshi kurashgan isteʼmolchilar mukofotlanadi. Ayni maqsadda “Soliq hamkor” tizimi joriy etilgan boʻlib, u orqali chek bermaslik, plastik kartaga savdo qilmaslik, hujjatsiz faoliyat yuritish kabi soliqqa oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot toʻlanadi.

Shu yilning oʻtgan davrida “Soliq hamkor” tizimi orqali Fargʻona viloyatida savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarining buzilishi yuzasidan 2 ming 400 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Hozirga qadar tasdigʻini topgan murojaatlar uchun 676 nafar faol soliq toʻlovchiga 372,5 mln. soʻmdan ortiq mukofot pullari toʻlab berildi.

Matbuot anjumanida mukofot puli uchun atayin chek olmaslik yoki savdo shoxobchasiga kirmay turib murojaat yoʻllash boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli eʼtirozlarga ham munosabat bildirildi. Qayd etilishicha, chek bermaslik holati boʻyicha murojaat kelib tushgach, bu murojaat tegishli tartibda oʻrganiladi. Agar xaridor chekni atayin olmay, murojaat yoʻllasa ham, tadbirkor oʻsha xaridni kassaga kirim qilib qoʻygan boʻlsa, tadbirkorga hech qanday jarima qoʻllanilmaydi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?