Fargʻona viloyatida isteʼmolchilar huquqlari qanday himoyalanmoqda?

13:14 23 Iyun 2020 Jamiyat
833 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy organlari tomonidan esa aholining isteʼmolchilik huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishidagi ishlar tizimli asosda va bir maromda davom ettirildi. Bugun Fargʻona viloyatida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlardan ayrimlariga toʻxtalib oʻtsak.

Fargʻona. Rishton tumani Jalayer qishlogʻida yashovchi U.Meliqoʻziyev 2018-yilning 16-noyabr kunida “UMID SAVDO FAYZ INVEST” MCHJ bilan 4 tonnalik ISUZU QR 71PL yuk tashish mashinasini lizing shartlarida sotib olish uchun shartnoma imzolaydi. Shartnomada koʻrsatib oʻtilgan 114 980 000 (bir yuz oʻn toʻrt million toʻqqiz yuz sakson ming) soʻm pulni ham toʻlab beradi. Shartnomaga koʻra yuk avtomashinasi 180 kunlik muddatda yetkazib berilishi belgilanadi. Oradan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan muddat oʻtib borayotgan boʻlsa-da, isteʼmolchining yuk avtomashinasidan darak boʻlmaydi. Isteʼmolchi murojaatini oʻrganib chiqqan Fargʻona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlanib, mazkur masalada sudga daʼvo arizasi kiritilgach, tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishilib, lizing tashkiloti tomonidan 114 980 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchining shaxsiy bank plastik kartochkasiga tushirib berildi.

Isteʼmolchi Ye.K. Fargʻona shahar jamiyatiga murojaat qilib kelishiga qadar ikki yil davomida unga nuqsonli televizor sotgan sotuvchi bilan kurashgan, uning bergan vaʼdalariga ishonib yuravergan. Lekin baribir ushbu ishlardan natija chiqmagan, bu orada 450 AQSH dollariga olingan “LG” rusumli televizor sotuvchining huzuriga besh marta olib kelinib taʼmirlangan. Televizorda yana nuqson chiqavergan. Shahar jamiyati tomonidan olib borilgan oʻrganish ishlari natijalari bilan esa isteʼmolchining nuqsonli tovari yangi, maqbul sifatdagisiga almashtirilishiga erishildi.

Qoʻqon. Furqat tumanida yashovchi M.Xaydarova ham Qoʻqon shahrida yakka tartibdagi tadbirkor J.Rasulovdan sotib olgan “Samsung Smart 43” rusumli televizori kafolat muddati ichida yaroqsiz holatga kelishi natijasida sotuvchining huzuriga qatnab charchagan. Sotuvchi tomonidan 2.600.000 soʻmga sotilgan mazkur televizorning «platasi ketganligi»ni aytilib, isteʼmolchiga bir muddat sabr qilib turish, «zavoddan zapchasti kelsa» platasini boshqa qoʻyib berilishini, ungacha esa televizorni vaqtinchalik koʻrib turishi uchun taʼmirlab berilishi vaʼda qilingan. “Vaqtinchalikka” deb tuzatib berilgan televizor 15 kungina ishlab, yana buzilgan. Qoʻqon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan sotuvchiga amaldagi qonun talablari tushuntirilgach, nuqsonli tovar yangi, maqbul sifatdagisiga almashtirilgan.

Margʻilon. Qoʻshtepa tumanilik N.Yu. shahar markazidagi savdo majmuasidan Indesit rusumli muzlatgich sotib olgan. Lekin maʼlum vaqt bir maromda ishlab turgan muzlatgichda 2020-yilning aprel oylariga kelib nuqsonlar yuzaga chiqqan. Shundan soʻng u bir necha kun davomida sotuvchiyu servis ustaxonasi oʻrtasida ovorayu sarson boʻlgan. Muammoga Margʻilon shahar jamiyati mutaxassislarining aralashuvi bilan bir kun ichida, kafolat muddati davomida tovarda yuzaga kelgan nuqsonlar bepul bartaraf etilishiga erishilgan.

Yoyilma mahallasida yashovchi T.A. esa elektr taʼminoti korxonasi tomonidan hisoblangan qarzdorlikdan noroziligini maʼlum qilgan. Masala shahar jamiyati oʻrganilishi va mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan qayta hisob-kitob ishlari natijasida uning haqiqatda qarzdorligi 299 110 soʻm 37 tiyindan iboratligi yoki korxona tomonidan daʼvo qilinayotgan qarzdorlikdan 400 ming soʻmga kamligi isbotini topgan.

Zuhro mahallasida yashovchi A.Abdullayevning Prezident virtual qabulxonasiga qilgan elektron murojaatini oʻrganish davomida esa shaharda joylashgan Oygul savdo majmuasi ichidagi “777” telefon ustaxonasiga FLO IQ 4504 rusumli uyali telefoni displeyini taʼmirlatish uchun topshirganligi, lekin telefon taʼmirlab berilgandan soʻng uning ekranida dogʻ paydo boʻlib qolganligi maʼlum qilingan edi. Murojaatni oʻrganish davomida, yuqoridagi sabab bilan isteʼmolchining murojaatlari uch oydan buyon qanoatlantirilmasdan kelayotganligi maʼlum boʻlib, tezkorlikda ustaxona bosh ustasi saʼy-harakatlari bilan zaruriy ehtiyot qism topib kelinib, telefonga oʻrnatib berildi.

Xuddi shuningdek, Federatsiyaga murojaat qilgan B.Isaqovning aviachipta bilan bogʻliq muammosi hal etilib, uning foydasiga 1 640 000 (bir million olti yuz qirq ming) soʻm, O.Qambarovning «Suvoqava» DUKning Margʻilon shahar filialidan hisoblagichning 00442 metr kub koʻrsatkichigacha yoki 140295 (bir yuz qirq ming ikki yuz toʻqson besh) soʻm miqdorida haqdorligi, M.Tuxtayevaning kafolat muddati oʻtgan muzlatgichida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etib berilishi natijasida uning foydasiga 350 000 (uch yuz ellik ming) soʻm hal etib berilgan.

Fargʻona tumani. Fargʻona tumani Avval qishlogʻida yashovchi M.N.ning murojaatida Fargʻona shahridagi qurilish mollari bozori hududidan sotib olingan mahsulotning ortiqchasi sotuvchiga qaytarilganligini, lekin pulini ololmayotganligi masalasi koʻtarilgan edi. Isteʼmolchi murojaatini oʻrganish natijasida sotuvchi isteʼmolchiga 200 ming soʻm pulini qaytarilib, ular oʻrtasida qolgan 240 ming soʻmini karantin tadbirlari yengillashi va tadbirkor oʻz faoliyatini boshlab olishi bilan qaytarilishi boʻyicha murosaga erishildi.

Fargʻona tumani Chimyon qishlogʻida yashovchi X.Toshbekov oʻzi yashab turgan xonadoni 8 sotix (0,08 ga) boʻlib, unga joriy yil uchun koʻproq sotixga soliq toʻlovlari chiqarilganidan noroziligini bildirib, holatga aniqlik kiritilishida amaliy yordam koʻrsatilishini soʻragandi. Tuman jamiyati tomonidan "Yermulkkadastr" Fargʻona tuman filiali hamda tuman Davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda masala ijobiy hal etilib, fuqaroning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklar toʻgʻrilandi va yer maydoni 8 sotixligi toʻgʻrisida yangi kadastr raqami berilib, maʼlumotlar bazasiga kiritilishiga, soliq toʻlovlarini bazada koʻrsatilgan yangi kadastr raqami va 8 sotix boʻyicha belgilanishiga erishildi.

Logʻon qishlogʻida yashovchi fuqaro Q.Toshtemirov MIB tuman boʻlimining xonadoni tabiiy gaz toʻlovlaridan 336339 soʻm qarzdorligi haqida talabnomasidan norozi boʻlib yozma ariza bilan murojaat qilgandi. Murojaat MIB tuman boʻlimi xodimlari ishtirokida oʻrganilishi jarayonida tushunmovchiliklarni bartaraf etilishiga erishilib, xonadondagi hisoblagichning 2944 metr kub koʻrsatkichiga 51000 soʻm qarzdorligi mavjudligi tasdigʻini topdi. Fuqaro tomonidan mazkur qarzdorlik bartaraf etilganligi maʼlumot uchun qayd etildi.

Toshloq. Toshloq shaharchasida istiqomat qiluvchi V.Ermatovning murojaatida xonadonida isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun toʻlovlarda yuzaga kelgan tushunmovchiliklarga aniqlik kiritib berilishi masalasi koʻtarilgandi. Murojaatni oʻrganish jarayonida isteʼmolchining 2018-yil 7-noyabr kunida isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun bank plastik kartochkasi orqali toʻlagan 300 000 (uch yuz ming) soʻm toʻlovi “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ tuman filiali xodimining (hozirda sobiq) sovuqqonligi oqibatida korxona kompyuter bazasiga kiritilmasdan qolib ketganligi maʼlum boʻldi. Olib borilgan qayta hisob-kitob ishlari natijasida xonadonning 1146 metr kub yoki 68180 (oltmish sakkiz ming bir yuz sakson) soʻm oldindan toʻlovdaligi qayd qilindi.

Qumariq mahallasida yashovchi T. Abdullayevaning murojaatida “Toshloq-Qumariq” yoʻnalishida yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatayotgan bir guruh «Damas» haydovchilari yoʻnalish boʻylab yoʻl-yoʻlakay chiqib, bir-ikki bekat yurilgach tushib qolayotgan yoʻlovchilardan ham oxirgi bekatgacha belgilangan yoʻl kira haqini olinishi boʻyicha talab qoʻyayotganligi yuzasidan norozilik bildirilgan edi. Murojaat yuzasidan tuman markazidagi avtoshohbekatda oʻrganish oʻtkazilib, uning natijalariga koʻra bir-ikki bekat yurib tushib qolgan yoʻlovchidan qatʼiy 500 soʻmdan haq olinishi boʻyicha kelishuvga erishilib, yoʻl kira haqlarini olinishida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinishi yoʻlga qoʻyildi.

Konizar mahallasida S. Rahmonovaning ogʻzaki murojaati asosida uning “TRUST CREDIT TRADE” xususiy korxonasiga qarashli kredit doʻkonidan sotib olgan qiymati 1 190 000 soʻmlik boʻlgan «Milana» nomli suv isitgichini hech qancha foydalanilmasdan, yaʼni uch oy oʻtgach isitgichda nuqson kuzatilib, yaroqsiz holatga kelib kolganligi holati yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazildi. Natijada ikki kunlik muddat ichida nuqsonli suv isitgichini bepul taʼmirlab berilishiga erishildi.

Bagʻdod. Bagʻdod tumani Qirqvolida qishlogʻida istiqomat qiluvchi Sh.Azizov va Z.Mirzaakbarovlarning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatlarida hududda elektr taʼminoti masalasida yuzaga kelayotgan muammo koʻtarilgan edi. Murojaatni oʻrganib chiqish davomida, tuman elektr taʼminoti korxonasi va tuman isteʼmolchilar huquqlarining himoya qilish jamiyatining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida qishloqqa umumiy qiymati 6 500 000 (olti million besh yuz ming) soʻm boʻlgan, yangi, TP-63 kVA rusumli tok taqsimlagich bilan taʼminlanishiga erishildi.

Shuningdek, Choʻrindi qishlogʻida yashovchi Maxkamovlar oilasining 4 nafar vakili joriy yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga olingan aviachiptadan fors-major holat yuzaga kelib foydalana olmaganliklari sababli pulini qaytarib ololmayotganliklari masalasida murojaat qilgan edilar. Oʻrganishlar natijasi bilan isteʼmolchilarning aviachipta uchun toʻlagan 6 280 000 (olti million ikki yuz sakson ming) soʻm pullarini qaytarishga erishildi.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi Sobirjon Roʻziyev uy sharoitida asalarichilik bilan shugʻullanish uchun Bagʻdod tumanidan maxsus yashik (asalari uyi) sotib olganligi, lekin yetkazib beruvchi tomonidan ishlar paysalga solib kelinayotganligi toʻgʻrisidagi murojaati ham ijobiy etilib, unga har bir donasi 200 000 (ikki yuz ming) soʻmdan jami 20 dona yashiklarni yetkazib berilishiga erishildi. Oilasi va tadbirkorligim uchun zarur boʻlgan umumiy qiymati 4 000 000 (toʻrt million) soʻm boʻlgan yashiklarni uyiga yetkazib berilganligidan minnatdor boʻlgan isteʼmolchi Xatirchidan Bagʻdodga minnatdorchilik xati yubordi.

Buvayda. Fuqaro X. Abdullayev yangi qurayotgan uyining tom qismini yopish maqsadida Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida joylashgan qurilish savdo doʻkonlarining biridan sotib olingan va tomga oʻrnatilgan shiferlarning yomgʻirdan soʻng yorilib ketganligi yuzasidan qilgan murojaati asosida oʻtkazilgan oʻrganish yakunlari bilan, sotuvchi tashabbusi va isteʼmolchining roziligi asosida umumiy qiymati 3200000 (uch million ikki yuz ming) soʻm boʻlgan 100 dona shifer boshqa korxona mahsulotiga almashtirib berilishiga erishildi.

Oramizda “Men tanga pul olmayman”, deb xaridorni ranjituvchi sotuvchilar ham uchrab qolar ekan. Federatsiyaga murojaat qilgan fuqaro A.Joʻraboyev oʻzi yashab turgan hududdagi savdo doʻkonlari sotuvchilari tomonidan 500 soʻmlik tangani toʻlovga qabul qilmayotganliklari yuzasidan shikoyat qilgandi. Tuman jamiyati xodimlari tomonidan mazkur hududga tashrif buyurilib, bu boradagi amaldagi normativ hujjatlar talablari yuzasidan tushuntirishlar berilgach, sotuvchilar ushbu holatni qayta takrorlamasligini bildirib, milliy pulimizning amalda muomalada boʻlgan banknota va tangalarini hech qanday moneliklarsiz toʻlovga qabul qilib olishlari boʻyicha vaʼda berdilar.

Quva. Tumanda istiqomat qiluvchi Z.S. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan ogʻzaki murojaatida joriy yilning mart oyida oʻzi yashab turgan hududdagi ehtiyot qismlari doʻkonidan “TEXA” rusumli chilangarlik apparatini 950 000 (toʻqqiz yuz ellik ming) soʻmga sotib olganligi, lekin apparat kafolat muddati ichida ikki marta kuyib qolganligi, natijada ikki marta taʼmirlatishga majbur boʻlganligi, mazkur apparatni almashtirish yoki pulini qaytarilishida yordam koʻrsatilishini soʻragandi. Murojaatni oʻrganish doirasida faoliyatini tumandagi “Rasta” buyum bozori hududida amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor B.B. bilan uchrashilib, qonun talablaridan kelib chiqib, nuqsonli tovarni maqbul sifatlisiga almashtirish, buning imkoni boʻlmagan taqdirda esa tovar uchun toʻlangan pulni qaytarish taklifi bildirildi. Sotuvchi nuqsonli tovar uchun toʻlangan 950 000 soʻm pulni isteʼmolchiga qaytarib berib, oʻzining zimmasidagi majburiyatini ado qildi.

Xonobod qishlogʻida yashovchi fuqaro N.Xudoyberdiyeva tumandagi isteʼmol krediti savdo doʻkonidan sotib olgan mantiqasqoni sifatsiz chiqqanligi yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgandi. Maʼlum boʻlishicha, u “IDEAL MEGA SAYQAL” MCHJga qarashli kredit savdo doʻkonidan 250 000 (ikki yuz ellik ming) soʻmga pulini toʻliq toʻlash yoʻli bilan mantiqasqon sotib olgan, lekin birinchi marotaba ishlatish jarayonidayoq mantiqasqonning ichki qismi qorayib qolgan. U savdo doʻkoniga kelib mazkur holat yuzasidan oʻz eʼtirozlarini bildirgan va tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirishni talab qilgan. Lekin unga rad javobi berilgan. Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasi bilan mazkur isteʼmolchidan nuqsonli tovarni sotuvchiga qaytarilib, uning uchun toʻlangan pulni toʻliq qaytarilishiga erishildi.

Biz yuqorida viloyatda isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlari bilan ishlash borasidagi ayrim-ayrim misollarnigina keltirib oʻtdik. Umuman olganda viloyat boʻyicha joriy yilning oʻtgan 5 oyi ichida isteʼmolchilarning 280 mln soʻmdan ortiq haq-huquqlari tiklab berilishiga erishilgan boʻlib, hozirda mazkur yoʻnalishdagi ishlar tizimli asosda davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini 
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?