Fargʻona viloyati hokimligi binosi oldida yotgan ayol uy-joysiz qolgani rostmi?

16:22 28 Sentyabr 2021 Jamiyat
636 0

Arxiv surat

Ijtimoiy tarmoqlarda 43 yoshlardagi ayol – Munisxon Saidovaning Fargʻona viloyati hokimligi oldida yotgani, uni toʻrt farzandi bilan yashab turgan manzilidan koʻchaga chiqarib qoʻyilgani haqidagi iddaolar keltirilgan videolavha tarqaldi. Bu holat yuzasidan Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, aslida videolavhadagi iddaolar haqiqatdan yiroqdir.

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida tugʻilgan M. Saidova Andijon viloyatiga kelin boʻlib tushgan va hozirda turmush oʻrtogʻi bilan birga yashamaydi. Andijon viloyatida ushbu oilaning barcha sharoitga ega 20 sotixdan iborat uy-joyi bor. M. Saidovaning turmush oʻrtogʻi yana birga yashash niyati borligini, ayoli va bolalari uyga qaytishlari mumkinligini bildirmoqda. Toʻrt farzanddan ikki qiz turmushga chiqqan, yana bir qizi unashtirilgan.

Munisxon Fargʻonaga qaytgach, Qoʻshtepa tumanidan vaqtincha yashash uchun turar-joy taklif qilingan, biroq buni rad etgan. Shu tariqa Fargʻona shahar, Yangi asr koʻchasi, 190-uy 42-xonadonga noqonuniy tarzda kirib oʻrnashib olgan. Ushbu xonadon shahar hokimligining 2018-yil 11-iyuldagi qarori orqali order bilan Mehribonlik uyida tarbiyalangan, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan Timur Budeskoga belgilangan tartibda xususiylashtirish huquqisiz, ijara asosida biriktirib berilgan edi.

Fuqaro Budesko 2019-yilga qadar ushbu xonadonda yashab, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketgan. Ketishidan oldin Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga muvofiq chet elga ishga ketgan davrida turar joyga boʻlgan huquqini saqlab qolishga guvohnoma (bron) olish uchun shahar hokimligiga murojaat qilmagan. Shunchaki bu xonadonni qoʻshnilaridan biri, 64-xonadonda yashovchi Oʻgʻilchaxon Baxtaxunovaga topshirib ketgan.

Oʻgʻilchaxon Baxtaxunova Timur Budeskoning xorijda yashab yurganidan foydalanib, tanishi Munisxon Saidova bilan oʻzaro kelishib, uni ushbu xonadonga oʻzboshimchalik bilan, noqonuniy tarzda kiritib qoʻyadi.

Shahar hokimligining xoʻjalik hisobidagi uy-joy boʻlimi mutaxassislari tomonidan olib borilgan xatlovlar davomida fuqarolar Oʻgʻilchaxon Baxtaxunova va Munisxon Sayidovaga davlat uy-joy fondidan foydalanish tartibi qoʻpol ravishda buzilganligi, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan fuqaroga ijara asosida berilgan ushbu xonadondan begona shaxslar foydalanishi qonunga zid ekanligi tushuntirilgan.

Nizoga sababchi boʻlgan Oʻgʻilchaxon Baxtaxunova bilan suhbatlashilganda, goʻyoki qizi bilan Timur Budesko shaʼriy nikohdan oʻtganligini vaj qilib, xonadondan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanganini aytgan.

Munisxon Saidovaning ahvoli oʻrganilgach, u uy-joyga muhtojligi yuzasidan shahar hokimligiga shu kunga qadar ariza bilan murojaat etmagani va hisobda turmasligi aniqlandi. Unga davlat uy-joy fondidan turar joy olish uchun belgilangan tartibda yashash joyidagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza berish yoʻli bilan navbatda turib olishi mumkinligi tushuntirildi.

Bu xonadon boʻyicha kelib chiqqan nizolarni qonuniy tarzda hal etish uchun Fargʻona shahar hokimligi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilgani va sud qarori qabul qilingunga qadar fuqaro Munisxon Saidova Yangi asr koʻchasi, 190-uyning 42-xonadoniga kiritib qoʻyilgani va hozirda ayni manzilda yashab kelayotgani maʼlum boʻldi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?