Fargʻona viloyati dunyoda kuchli uchtalikka kiruvchi xalqaro reyting agentligi eʼtirofiga sazovor boʻldi

13:01 14 Iyun 2022 Iqtisodiyot
483 0

Foto: Xalq so‘zi

Dunyoga mashhur Standard & Poorʼs xalqaro reyting agentligi Fargʻona viloyatiga B+ darajasidagi “Barqaror” prognozli kredit reytingini berdi. Aniqrogʻi, viloyatning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingi B+ darajasida “Barqaror” deya baholandi.

Jahon miqyosida xalqaro reyting agentliklari ichida kuchli uchtalikka kiruvchi S&P Global Ratings hisobotida Fargʻona viloyat byudjetining yuqori koʻrsatkichlari hamda tijoriy qarzdorlikning mavjud emasligi alohida eʼtirof etilib, kelgusi uch yil davomida viloyat byudjeti oshirib bajarilishi bashorat qilindi.

— Bu kabi yuksak eʼtirof va ishonch viloyatimizga xorijiy investitsiyalar jalb etish, nufuzli xalqaro moliyaviy tuzilmalar bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish imkonini beradi,-deydi Fargʻona viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo boʻyicha oʻrinbosari Iqboljon Ergashev. — Yirik kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlari shunday xulosalarga asoslangan holda investitsiya kiritishini inobatga olsak, yaqin istiqbolda Fargʻona viloyatida xorijiy hamkorlik koʻlami va salmogʻi yanada ortadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, bir yil ichida agentlik mutaxassislari oʻrganish ishlarini davom ettiradi va yakunda Fargʻona viloyatining bu boradagi reyting koʻrsatkichi yana bir pogʻona koʻtarilishi mumkin.

Ayni paytda Fargʻona viloyatida 552 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, uning salmoqli qismi Xitoy (148 ta), Rossiya (131 ta), Turkiya (67 ta), Janubiy Koreya (43 ta) hissasiga toʻgʻri keladi.

2022-yil yakuni bilan Fargʻona viloyatida xorijiy investitsiya jalb etish va eksport hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?