Fargʻona dunyo megapolislari bilan boʻylashadimi?

14:01 28 Yanvar 2022 Jamiyat
462 0

Foto: Халқ сўзи

Yer yuzida har jihatdan taraqqiy etib, xalqi uchun toʻkis va farovon hayot tarzini yaratgan rivojlangan mamlakatlar, ularning koʻhna tarix va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan megapolis shaharlarini havas bilan tilga olamiz. Parij, London, Seul, Tokio... Bu roʻyxatni hayrat va hayajon bilan davom ettiramiz. Ammo mazkur shaharlar ham oʻz-oʻzidan mana shunday yirik megapolislarga aylanib qolmagani, har biri oʻz kechmishiga, tarixiga ega ekani koʻp ham xayolimizga kelmaydi.

Bugun tafakkurimiz, dunyoqarashimiz bilan birga hayotga va yashashga boʻlgan munosabatimizni ham isloh qilish borasida keng qamrovli ezgu tashabbuslar hayotga tatbiq etilyapti. Bu oʻzgarishlar sayyoramizda, yon-atrofimiz va ona yurtda kechayotgan turfa jarayonlarga tiyrak nigoh bilan qarashni oʻrgatyapti. Inchunun, mamlakatimizda olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlar birinchi navbatda inson qadrini ulugʻlashdek yuksak maqsadga qaratilganini koʻryapmiz, his qilyapmiz.

 

 

Xususan, yangilanayotgan, Yangi Fargʻona timsolida muhtashamlik, ulugʻvorlik mujassam. Avvalgi pastqam va koʻrimsiz uylar, egri-bugri jin koʻchalar, tor va diqqinafas yoʻllar suratlari endi tarix muzeylaridan eksponat sifatida joy egallaydi. Hozirgi kenglik, orastalik va ozodalikdan nafaqat qalblar, balki koʻchalar, yoʻllar, osmonoʻpar binolar ham emin-erkin, yayrab nafas olayotgandek goʻyo.

Yaqin yillargacha besh qavatli uy qurish uchun ruxsat olish ham oson boʻlmagan. Endilikda Fargʻonada 7, 9, 12, 16 qavatli uylar qurilishi oddiy holga aylanib, hatto 20-25 qavatli uylar qurilishiga kirishilyapti. Bu boʻyicha Janubiy Koreya, Turkiya tajribasi asosida noyob loyihalar ishlab chiqildi. Ammo Fargʻona koʻrku qiyofasini yaratishda jahonning qaysidir megapolis shahridan shunchaki andoza olinayotgani yoʻq. Fargʻona tabiati, iqlimiga xos landshaft arxitekturasi, milliy mentalitetga monand ravishda betakror, malohatli mavzelar bunyod etilmoqda.

Fargʻona shahriga yondosh hududda 300 gektar maydonda – 40 ming aholi umrguzaronlik qilishiga moʻljallangan Ekoshaharda “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi uchun tamal toshi qoʻyildi. Prezidentimiz topshirigʻi asosida yaqin uch yilda ushbu hududda Janubiy Koreya tajribasi boʻyicha 364 ta – 7, 9, 12, 16, 25 qavatli uylar qad rostlaydi. Shuningdek, 70 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini barpo etish maqsadida shu kunlarda bogʻ oʻrtasidan oqib oʻtuvchi kanalni qazish ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. Xorijdan eng noyob manzarali daraxtlar olib kelib ekildi. Yugurish, piyodalar, velosayr uchun moʻljallangan yoʻlaklar, yam-yashil xiyobonlar, mevali va manzarali daraxtlar alleyalari hayotdan zavqlanib yashash tuygʻusini beradi. Shunday qilib, yaqin uch yilda ushbu joylar naqadar dilbar maskanga aylanishini tasavvur qilish mumkin.

 

 

— Hozirda 60 ta uyni quruvchi xususiy pudrat tashkilotlari aniq boʻldi, — deydi “Yangi Oʻzbekiston” massivida ilk koʻp qavatli uyga tamal toshi qoʻyilishiga bagʻishlangan tadbirda qatnashgan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb etgan holda joriy yilning oʻzida yuzta koʻp qavatli uy qurish rejalashtirilyapti. Shuningdek, massivda 1080 oʻrinli 2 ta maktab, 420 oʻringa moʻljallangan 10 ta bolalar bogʻchasi, shifoxona, koʻp tarmoqli poliklinika quriladi. Kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi masʼuliyatini ham davlatimiz oʻz zimmasiga oldi.

Yangi massiv yonida 50 gektar yerda kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ayni paytda 20 gektar maydonda 200 ga yaqin tadbirkorlik loyihalari boʻyicha ishga kirishilgani bu yerga koʻchib keluvchilarning bandligini kafolatlash masalasi ham eʼtibordan chetda emasligini koʻrsatadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, uy-joy qurilishi sohasida soʻnggi yillarda Fargʻonada katta tajriba shakllandi. Oʻtgan yili Bagʻdod tumanining “Muruvvat” MFYda boshlangan xayrli tashabbus mamlakatimiz rahbari tomonidan “Fargʻona tajribasi” sifatida butun mamlakatimiz miqyosida ommalashtirish tavsiya etildi. Atigi bir yilda mazkur mahallada 61 ta 4 va 5 qavatli uylar qurib bitkazildi.

2021-yil mobaynida Fargʻona viloyatida xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan 6 ming 369 ta xonadondan iborat 193 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Bir yilda 6 mingdan ziyod oilaning Vatan ichra kichik vatanli boʻlgani quvonchini tasavvur qilish qiyin emas. Ota-bobolarimiz azaldan uyli boʻlgan odamga bejiz “Vatanli boʻlibsan!” deya taʼrif bermaydi.

 

 

Eʼtiborlisi, viloyat markazida keng quloch yozayotgan tashabbus hududlarda ham barchani harakatga, gʻayrat-shijoatga undayapti. Yaqinda Yozyovon tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivi bunyod etish ishlari boshlandi. Ezgu maqsadga koʻra, tumanning “Yuqori Soyboʻyi” MFYdagi 65 gektar maydonda 3856 xonadonli – 138 ta koʻp qavatli uylar barpo etiladi. Fargʻona tumanining “Yangi asr” MFY hududida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida esa 21 gektar yerga 56 ta koʻp qavatli uylar joylashtiriladi. Hududda 7 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi gurkirab yashnashi uchun yaxshi niyat bilan ilk nihollar ekildi.

— Vaqt shiddat bilan odimlayapti, kutib turishga vaqt yoʻq, — deydi Xayrullo Bozorov. — Shu bois juda katta marralarni olyapmiz. Bunday ulkan orzu-maqsadlarni qisqa fursatda toʻliq roʻyobga chiqarish oson boʻlmaydi. Lekin ahil va hamjihat boʻlsak, barchasini uddalaymiz.

Bunyodkor el – buyuk el. Ezgu niyat bilan uy qurish, shaharlar bunyod etish xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Fargʻona ahlini yaratuvchanlik va bunyodkorlikning ulugʻ qudrati ragʻbatlantirib, ushbu jarayonda shunchaki kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi boʻlishga chorlayotgani esa ayni haqiqat.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?