Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari “Yashil” energiyani rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda

23:29 11 Yanvar 2022 Jamiyat
717 0

Bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar shuni koʻrsatmoqdaki, qaysi sohada qilinayotgan ijobiy ishlarga qaramang, albatta, quvonarli natijalarga erishish borasida soha vakillari bir-biridan oʻzib ketmoqda.

Aholi sonini ortishi ularni elektr energiyasi bilan ishlovchi zamonaviy uy-roʻzgʻor jihoz va uskunalaridan foydalanishning keskin ortib borishi hamda erkin iqtisodiy zonalarda sanoat korxonalarining yil sayin oshib borayotganligi sababli ularni uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlash hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan elektr taʼminoti tizimini toʻla isloh qilish maqsadida muqobil energiya manbalari – quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu jumladan, Fargʻona davlat universitetida ham “Yashil” energiyani rivojlantirish boʻyicha bir qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Universitetning fizika-texnika fakulteti professor-oʻqituvchilari dotsent Bahodir Karimov boshchiligidagi yosh olimlar va ixtirochilar tomonidan universitetda quvvati 50 kVt boʻlgan fotoelektr stansiyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu stansiyaning quvvati har soatda 50 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan boʻlib, bir sutkada 1200 kVt elektr energiyasini olish mumkin. Bu esa 120 tonna uglevodorod zaxirasini tejashga olib keladi. Sodda qilib aytganda, ushbu mini stansiyani ishga tushirish orqali 400 ga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin boʻladi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda xonadonlarda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar va imkoniyatlar yaratilmoqda. Universitet olimlari tomonidan baliqchilikda hosildorlikni 3-5-marta orttirish uchun muqobil energiya manbalari – quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanib, quyosh energiya asosida «avtonom aerator» texnologiyasi yaratilgan. Ushbu loyiha doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 200 mln. soʻmlik innovatsion shartnoma tuzildi. Hozirda ushbu ishlanmani sanoatga tatbiq qilish boʻyicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, erkin oqimli suvlar uchun quvvati 5-10 kVt/soat boʻlgan «Mini GES»lar yaratish boʻyicha ham tajribaviy va amaliy ishlar hamda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

2022-2023-yillarda yuqorida keltirilgan ishlanmalar boʻyicha umumiy qiymati 3 mlrd. 600 mln. soʻmlik innovatsion va amaliy loyihalar olish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalq xoʻjaligini rivojlantirish borasidagi ijobiy ishlarni amalga oshirishda universitetimiz professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlar oʻzlarining bilim va tajribalariga tayangan holda “Yashil” energetikani rivojlantirishga oʻz hissalarini qoʻshadilar.

Qisqa qilib aytganda, olimlarimiz tomonidan qilinayotgan yangiliklar va olinayotgan natijalarning amaliyotga qoʻllanilishi, xalq uchun manfaat keltirishi va ilm-fanni rivojlantirishi bizning pirovard maqsadimizdir.

Sharof SHUHRATOV,

Fargʻona davlat universiteti fizika-texnika fakulteti dekani, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.

(Reklama huquqi asosida)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?