Fargʻona boʻylab “Dyeputatlar bogʻi” tashkil etilmoqda

14:09 25 Noyabr 2021 Jamiyat
236 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Mamlakatimizda qizgʻin davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari ham tashabbus va faollik koʻrsatmoqda. Buni Fargʻona viloyati boʻylab “Deputatlar bogʻi” tashkil etilayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Jumladan, Oʻzbekiston tumani axborot-kutubxona markazi hamda tuman hokimligi binolariga tutash maydonda mahalliy Kengash deputatlari hudud iqlim sharoitiga mos  manzarali va mevali daraxt hamda gul koʻchatlarini ekib, moʻjazgina bogʻ yaratdilar.

Yozyovon tumani “Xonobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 70 sotix maydonda aholi uchun soʻlim dam olish maskani bunyod etish rejalashtirilgan boʻlib, xalq vakillari mazkur maskanni obodonlashtirish va manzarali koʻchatlar ekish tashabbusi bilan chiqdilar. Tez orada bu yerda ham “Deputatlar bogʻi” barpo etiladi.

– Ertaga qiyomat desalar ham, koʻchat ek, deyishlari bejiz emas, zotan, nihol qadab, bogʻ yaratish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan,– deydi Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Nafisa Elchiyeva. – Deputatlarimiz ham “Yashil makon” loyihasini roʻyobga chiqarishda astoydil namuna koʻrsatishayotgani quvonarli, albatta. Nafaqat koʻchatlarni qadash, balki kelgusida nihollarning ildiz otib, boʻy choʻzishi, sersoya va serhosil daraxtlarga aylanishi ham masʼul qilib biriktirilgan deputatlar eʼtiborida boʻladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?