Fargʻona aeroporti jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatishi uchun rossiyalik mutaxassislar koʻmaklashadi

18:39 15 Iyul 2022 Jamiyat
370 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiyaning yirik “Aeroportы Regionov” xoldingi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali Fargʻona aeroportini jahon andozalari darajasida rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Delegatsiya rahbari Sergey Krasnov qayd etganidek, Fargʻona vodiysi viloyatlari hamda qoʻshni mamlakatlarning chegaradosh viloyatlari aholisi soni inobatga olinsa, mazkur aeroportni kengaytirish hamda modernizatsiya qilish istiqbolli loyihadir. Shu bois kelgusida Fargʻona aeroportini Yevropa va Osiyo oʻrtasida xalqaro tranzit yoʻlagiga aylantirish, qoʻshimcha kargo terminali barpo etish orqali yuk tashish hajmini oshirish ham qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Yaqin istiqbolda Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun yagona yirik aeroport qurish loyihasini amalga oshirish ham gʻoyatda foydali boʻladi.

Yuzma-yuz muloqotda “Aeroportы Regionov” xoldingi tomonidan Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan, oʻrta masofaga moʻljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan mahalliy reyslarda xizmat koʻrsatuvchi aviakompaniyani aynan Fargʻona aeroportida joylashtirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Rossiyaning bir qator yirik shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni kompleks rivojlantirish dasturi orqali modernizatsiya ishlarini amalga oshirib, boshqarib kelayotgan “Aeroportы Regionov” xoldingi ushbu aeroportlarda yiliga 16 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?