Faoliyat sarhisobi: natijalar kutilganidekmi?

23:32 13 Yanvar 2022 Jamiyat
487 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi: yil yakunlari sarhisobi” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizning milliy manfaatlariga javob beradigan hamda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan amaliy tashqi siyosiy yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

Oʻtgan vaqt mobaynida qoʻmita qonun ijodkorligi yoʻnalishida 10 ta qonun loyihasiga masʼul boʻldi. Ularning barchasi qabul qilindi. Qoʻmita masʼulligida Senat va Qonunchilik palatasining 4 ta qoʻshma qarorlari, 10 ta konsepsiya, dastur, rejalar va “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi. Bundan tashqari, yil davomida 10 dan ortiq qonun loyihalari va boshqa qonun hujjatlariga taklif va tavsiyalar taqdim etildi.

Qoʻmita oʻzining oʻtgan davrdagi faoliyati davomida parlament nazoratining taʼsirchan mexanizmlaridan samarali foydalangan holda, joylardagi tizimli muammolarni hal etish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari zimmasidagi muhim masalalarning oʻz vaqtida ijro etilishi holatini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etdi.

Shundan kelib chiqib, hisobot davrida qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil yoʻnalishida, shuningdek, tashkiliy-amaliy tadbirlar doirasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan bir qator vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalari va madaniy-maʼrifiy markazlar aʼzolari ishtirokida 36 ta turli tadbir oʻtkazilgan. Jumladan, 5 ta qoʻmita eshituvi, 4 ta nazorat-tahlil va monitoring tadbirlari, 9 ta davra suhbati, xalqaro konferensiya va seminarlar, 2 ta forum, 3 ta ilmiy anjuman va amaliy muloqotlar hamda 6 ta boshqa turdagi tadbirlar oʻtkazildi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda butun dunyo boʻylab tarqalgan COVID-19 pandemiyasi xalqaro va parlamentlararo uchrashuvlar va diplomatik aloqalarni oʻtkazishda bir qator noqulay vaziyatlarni vujudga keltirdi. Lekin shunga qaramasdan qoʻmitaning bevosita muvofiqlashtiruvi natijasida ikki palataning xorijiy mamlakatlar parlamentlari va qonunchilik organlari bilan tuzilgan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlari soni 2021-yilga kelib 53 taga yetdi. Xorijiy mamlakatlarga uyushtirilgan xizmat safarlari 56 tani hamda Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchilar bilan Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan uchrashuvlar soni 18 tani tashkil etdi.

Aytish joizki, qoʻmita tomonidan saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar va joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik hamda muammolarga mutasaddilar eʼtiborini qaratgan holda hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Jumladan, 2021-yilda qoʻmita tashabbusi bilan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga bitta parlament soʻrovi joʻnatilgan. Shu bilan birga, qoʻmita aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan 13 ta deputat soʻrovi yuborilganligi taʼkidlandi.

Qoʻmita aʼzolari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish hamda ularni mumkin qadar ijobiy hal etishga alohida eʼtibor qaratdi. Qoʻmitaga kelib tushgan jami 628 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, tegishliligiga koʻra vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat organlariga yuborildi.

Shuningdek, qoʻmita tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlarining eshituvlarini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani, chet eldagi Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻlgan shaxslarning hamda xorijga chiqayotgan mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishi holati haqida”gi hisobotlari eshitilishi natijasida fuqarolar tomonidan qilinayotgan murojaatlarning aksariyati oʻzining ijobiy yechimini topgani qayd etildi.

Anjumanda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi D. Fayziyeva tadbir ishtirokchilariga yetkazilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha qilgan holda, qoʻmitaning asosiy va ustuvor maqsadlari, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va taʼsirchan parlament monitoringi tizimi va shu kabi faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish boʻyicha samarali ishlar olib borilayotganligi haqida maʼlum qildi.

Rahim SHERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?