Faol tadbirkorlar aholi vakillari bilan uchrashmoqda

20:23 05 Sentyabr 2023 Jamiyat
493 0

Kattaqoʻrgʻonlik tadbirkor Anvar Norboyev rahbarlik qilayotgan “Kattaqoʻrgʻon elektrotexnika zavodi”da yiliga 1200 dona import oʻrnini bosuvchi transformator ishlab chiqariladi. Bu yerda hozirgi kunda 100 nafarga yaqin kishi ish bilan band etilgan. Zavod qoshida tikuvchilik fabrikasi ham tashkil qilingan. Unda 50 nafar xotin-qiz ishlamoqda.

Shuningdek, tadbirkor tumanning Meylixoʻja mahallasi hududida quvvati 288 oʻrinli, 9 milliard 700 million soʻmlik “WILLAGE SCHOOL” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ishga tushirgan. Bundan tashqari, 34 gektar lalmi maydonda zamonaviy usulda uzumzor barpo etgan. Bu yerda ham 12 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Anvar Norboyev ana shu xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18-avgustdagi farmoniga muvofiq, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi. Tadbirkor Kattaqoʻrgʻon tumanida aholi vakillari bilan uchrashdi. Unda tuman hokimligi, tegishli soha vakillari, faollar va tumandagi tadbirkorlikka qiziquvchilar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Anvar Norboyev mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilayotgan imtiyoz va yengilliklar haqida gapirdi.

Yana bir ishbilarmon Mehriniso Umrzoqova Bulungʻur tumanidagi Yangiobod mahallasida yashab, koʻp yillardan buyon quyonchilik va turizm sohalarida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadi.

Faol tadbirkor tumandagi 9-son musiqa va sanʼat maktabida hudud yoshlari, nuroniylar, tadbirkorlikka qiziquvchilar bilan biznes tarmoqlarining rivojlanishi, faoliyati, kelajak rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

— Yaqinda Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida oʻtkazilgan yigʻilishda qatnashib, soliq tizimi, bank sohasidagi imkoniyatlardan, umuman tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklardan juda xursand boʻldim, — deydi Mehriniso Umrzoqova. — Tuman hokimi ham hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. 2022-yilda quyonchilik faoliyatimni kengaytirdim. Mehnatlarim uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. Tez orada turizm boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochish harakatidaman. Hozir tadbirkorlik sohasida 50 ga yaqin ish oʻrni yaratganmiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?