FAO va “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlangan qoʻshma aksiya tashkil etildi

20:35 16 Oktyabr 2021 Jamiyat
744 0

Har yili 16-oktabrda dunyo miqyosida Butunjahon oziq-ovqat kuni nishonlanadi. Joriy yilda ushbu sana “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq ishlab chiqarish, ovqatlanish sifati, atrof-muhit sharoitlari va hayot sifatini yaxshilash uchun yanada samarali, inklyuziv va barqaror agro oziq-ovqat tizimlariga oʻtish zarurligi toʻgʻrisida odamlarning xabardorligini oshirishga bagʻishlangan.

Jahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan FAO tomonidan “Zamin” Xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda tashkil etilgan “Toʻgʻri ovqatlanish va yerdan oqilona foydalanish” boʻyicha keng koʻlamli aksiya Toshkent shahridagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda boʻlib oʻtdi. Bunday aksiyalar Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumtaʼlim maktablarida ham oʻtkazildi.

Bu yerda “Zamin” xalqaro jamoat fondi, FAO, Xalq taʼlimi vazirligi va Prezident taʼlim muassasalari agentligi tashabbusi bilan “Zamin Eco-Education” dasturining “Yosh fermer” yangi loyihasining rasmiy ochilishi ham boʻlib oʻtdi. Uning ishtirokchilari biologik xilma-xillik va toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishlari mumkin. Oktyabr oyi oxiriga qadar Respublikamizdagi “Zamin Eco-Education” dasturi amalga oshirilayotgan barcha maktablarda issiqxonalar qurib beriladi. Shuningdek, ushbu issiqxonalar zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Yerdan oqilona foydalanish borasidagi tadbirlarga 15 mingdan ortiq oʻquvchilar jalb etiladi. Muntazam ravishda interaktiv seminarlar oʻtkaziladi.

— Ekologik taʼlim va tarbiya barqaror rivojlanishni taʼminlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda masʼuliyatni oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi, pirovard natijada u jamiyatning ekologik madaniyatini shakllantiradi. Shu bilan birgalikda, yoshligidan toʻgʻri ovqatlanishni oʻrgatish aholi salomatligini mustahkamlash, ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish maqsadida sogʻlom oziq-ovqat foydasiga ongli tanlov qilish imkonini beradi. Shu sababli, ushbu loyihani amalga oshirish, ayniqsa, dolzarb hisoblanadi va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga toʻliq mos keladi»,deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov.

Taʼkidlash joizki, FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi doirasida grant asosida 22 ta issiqxona qurilib, respublikadagi ixtisoslashtirilgan maktablar va eko-maktablariga topshirildi. Ushbu issiqxonalarda oʻquvchilarning atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Bunday issiqxonalardan biri 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatida qurildi. Uning ochilishi Butunjahon oziq -ovqat kuniga bagʻishlangan bayram aksiyasi doirasida boʻlib oʻtdi. Bolalarga toʻgʻri ovqatlanish va yerdan oqilona foydalanish boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi; issiqxonalardan foydalanish va sogʻlom ovqat tayyorlash boʻyicha mahorat darslari ham oʻtkazildi. Tadbir yakunida koʻngilochar dastur ham oʻquvchilar eʼtiboriga havola etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?