FAO qishloq ayollarini yangi daromad manbalarini topishga oʻrgatadi

13:47 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
317 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro va Navoiy viloyatlarining qishloq ayollari biznes va hunarmandchilik mahorati boʻyicha oʻquv-seminarlarda ishtirok etish orqali muqobil daromad olish imkoniyatlarini oshirdilar. Gap shundaki, mazkur hududlarda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan CADI (Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha tashabbus) loyihasi doirasida oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.

— FAO ayollar tushmushi, yaʼni oilalar farovonligini oshirish uchun muqobil daromad keltiradigan faoliyatga jalb qiladi, — deydi CADI loyihasining Oʻzbekistondagi milliy koordinatori Narimon Nishonov. — Bu ularning choʻllarda, yaylov va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlariga boʻlgan qaramligini kamaytiradi. Shu maʼnoda, anʼanaviy hunarmandchilikning tiklanishi, ayniqsa, muhimdir, chunki bozorda bunday mahsulotlarga talab yuqori.

Oʻquv mashgʻulotlarida Navoiy viloyati Nurota tumani Chuya qishlogʻi va Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani Doʻrmon qishlogʻidan jami 57 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi. Mashgʻulotlar kashtachilik va anʼanaviy hunarmandchilik boʻyicha ustalari tomonidan olib borildi. Ulardan biri Markaziy Osiyo davlatlari hunarmandlarini qoʻllab-quvvatlash uyushmasining Oʻzbekistondagi vitse-prezidenti Matlyuba Bozorova ishtirokchilarga hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatda mavjud imtiyozlar haqida maʼlumot berdi, qanday qilib biznes boshlash, shuningdek, uyda marketing va ish yaratish asoslari haqida oʻz tajriba va bilimlari bilan oʻrtoqlashdi.

Uch kunlik dars davomida qishloq ayollari tikuvchilik, jun koʻrpa va milliy kashtachilik asoslarini ham oʻrgandilar. Amaliy mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar milliy va zamonaviy moda yoʻnalishlarini birlashtirib, yostiqchalar, choponlar, kurtkalar, sumka va koʻrpachalar tikishdi.

Eslatib oʻtamiz, treninglar tashkil etilgan tumanlar CADIning loyiha hududlari hisoblanadi. Ushbu loyiha global ahamiyatga ega noyob ekotizimlari mavjud boʻlgan moʻtadil choʻllarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan. Ushbu choʻllar qushlar, shuningdek, tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun muhim migratsiya hududlari hisoblanadi. CADI loyihasining maqsadli ishtirokchilari – Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston. Ushbu mamlakatlar zimmasiga antropogen omillar xavf solayotgan moʻtadil choʻllarni saqlab qolish boʻyicha alohida masʼuliyat yuklangan. CADI loyihasi Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va 2016-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamgʻarmasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?