FAO Oʻzbekistonning qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga moyil boʻlgan hududlaridagi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlaydi

17:19 28 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
353 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida Oʻzbekistondagi qishloq aholi jamoalarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Loyihaning muhim vazifalaridan biri qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shu jumladan mamlakatning qurgʻoqchilikka moyil va shoʻrlangan hududlarida yangi istiqbolli qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli ekinlarni joriy etish, shuningdek, zarur jihozlarni loyihaning benefitsiarlariga begʻaraz yetkazib berish orqali amalga oshirishdir.

CACILM-2 loyihasi doirasida ijtimoiy-iqtisodiy yordamning navbatdagi partiyasi Oʻzbekistonning Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi maqsadli hududlardagi fermer xoʻjaliklari va boshqa hamkorlarga yetkazib berildi. Loyiha oʻz hamkorlariga 12000 kg kuzgi bugʻdoy, 6000 kg arpa , 2500 kg yem-xashak noʻxati, 1500 kg maxsar, 1700 kg joʻxori, 2000 kg javdar va 4000 kg tritikale urugʻlarini taqdim etdi.

“Maqsadimiz loyiha maydonlarida yuqori mahsuldor qurgʻoqchilikka va shoʻrlanishga chidamli ekinlar urugʻchiligi amaliyotini kengaytirishdan iborat. Yetkazib berilgan navlar qurgʻoqchilikka va shoʻrlanishga juda chidamli boʻlib, ular toʻgʻridan-toʻgʻri ekish seyalkalari bilan ekiladi – bu texnologiya sifat belgisi boʻlib, resurslarni samarali tejash, tuproq unumdorligi va uzoq muddatda hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bularning barchasi fermer xoʻjaliklariga sertifikatlangan urugʻlarni sotish orqali daromadlarini oshirish imkonini beradi, shuningdek, loyiha maydonlarida ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga yordam beradi. Loyiha jamoasi qurgʻoqchilikka va shoʻrga chidamli ekinlarning urugʻchiligi mintaqadagi iqlim oʻzgarishlarini yumshatish uchun asosiy omillardan biri boʻlishiga umid qiladi” deb qayd etdi CACILM-2 loyihasi milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Urugʻlik oluvchilar orasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti ham bor. Zero, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni takomillashtirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, oʻquv jarayonini qoʻllab-quvvatlash CACILM-2 loyihasining maqsadlariga toʻliq javob beradi.

Loyiha jamoasi, shuningdek, benefitsiarlarga yangi qishloq xoʻjaligi uskunalarini taqdim etib, ulardan foydalanish yanada samarali dehqonchilikni rivojlantirishga hissa qoʻshadi va hosil yetishtirishni koʻpaytiradi, mehnat, xarajat va vaqtni tejaydi degan umidni bildirdi. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi qorakoʻlchilik fermer xoʻjaligiga 3 ta motokultivator va 3 ta kichik oʻt oʻrish mashinasi topshirildi, Buxoro viloyati Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani xonadonlariga 5 ta motokultivator va 5 ta chuqur qazgich berildi.

CACILM-2 loyihasini amalga oshirishning muhim tarkibiy qismi qishloq aholisining bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularning faoliyatiga ilgʻor tajribalarni joriy etishdan iborat. Shu bilan birga, resurslar tejaydigan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2022-yil sentyabr oyida loyiha jamoasi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan “Jovli bobo oʻgʻli Baxtiyor” fermer xoʻjaligida Dala kunini oʻtkazdi. Bu yerda FAO mutaxassislari kuzgi bugʻdoyni nol ishlov berish usuli bilan ekishni namoyish etdilar. Ekish  sugʻorilmaydigan sharoitda 5-6 sm chuqurlikda amalga oshirildi.

Qurgʻoqchilik va shoʻrlanish xatarlarining oldini olish boʻyicha FAO mutaxassisi Aziz Nurbekov fermerlar bilan avstraliyalik tadqiqotchilarning ishlov bermasdan ekish texnologiyasini qoʻllash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Oradan ikki oy oʻtgach, tadbir ishtirokchilari bu boradagi natijalarni baholab, yerga ishlov bermasdan ekilgan kuzgi bugʻdoy koʻchatlari aʼlo darajada unib chiqqan, degan xulosaga keldilar. Tavsiya etilgan ekish chuqurligi oz miqdordagi yogʻingarchilik sharoitlari uchun, shuningdek oktyabr oyida kuchli yogʻingarchiliklardan keyin maqbul boʻlib chiqdi.

Eslatib oʻtamiz, CACILM-2 mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi Markaziy Osiyo va Turkiyada qurgʻoqchilikka moyil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish koʻlamini kengaytirishdan iborat. Oʻzbekistonda ushbu loyiha Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uning amalga oshirilishi BMTning Choʻllanishga qarshi kurash Konvensiyasi va Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʻzgarishi boʻyicha BMT doiraviy Konvensiyasini amalga oshirishga hissa qoʻshmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер