FAO Oʻzbekistonga tuproq tahlili uchun yuqori texnologiyali uskunani hadya qildi

20:29 29 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
525 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchilik va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasiga qiymati 29 ming AQSH dollariga teng boʻlgan yuqori texnologiyali laboratoriya uskunalarini taqdim etdi.

“Tuproqsifattahlil” tashkilotida sugʻoriladigan yerlarning sifatini baholash, tuproq unumdorligi va ekologik holatini monitoring qilish ishlari olib borilmoqda. Bu yerda respublika tuproq qoplamining axborot bazasi shakllantirilib, tuproq shoʻrlanishi va ularning ozuqa moddalari bilan taʼminlanishi kartogrammalari tuziladi. Korxona mutaxassislari shoʻrlangan va degradatsiyaga uchragan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi. CACILM-2 loyihasi doirasida spektrofotometr ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan hamkorlikda laboratoriya xodimlari uchun yangi uskunalar bilan ishlash boʻyicha treninglar tashkil etiladi. Kelajakda ular loyiha tomonidan tashkil etiladigan boshqa trening hamda oʻquv kurslarida ham qatnashadilar.

“Uskuna tuproqning kimyoviy tarkibi va sifatini yuqori aniqlik va tezlikda aniqlash imkonini beradi. Tuproqlarning kimyoviy tarkibini tahlil qilish rekultivatsiya usullarini va mos oʻgʻitlarni tanlab olish, yerlarning kimyoviy ifloslanish manbalarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi”, – deydi CACILM-2 loyihasining Oʻzbekistondagi milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Raqamli texnologiyalar bilan qoʻllab-quvvatlanadigan qishloq xoʻjaligi nafaqat iqtisodiyotni tiklash, balki uning sifatini yaxshilash uchun, ayniqsa, kichik yer egalari va fermerlar uchun harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yilda kelgusi 10 yil ichida respublikani raqamli transformatsiya qilishni nazarda tutgan “Raqamli Oʻzbekiston-2030” keng koʻlamli dasturi ishlab chiqildi.

Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasining oldini olishga, qurgʻoqchil va shoʻrlangan hududlarda tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan texnologiyalarni qoʻllashda koʻmak koʻrsatish CACILM-2 loyihasining muhim vazifalaridan biridir. Mintaqaviy loyiha Global Ekologik Jamgʻarma tomonidan moliyalashtiriladi va FAO tomonidan 2018-yildan buyon Oʻzbekistonda, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyada amalga oshirilmoqda. Tabiiy resurslarni kompleks boshqarishni joriy etishda xalqaro hamkorlik asosiy oʻrin tutadi. Loyiha doirasida fermerlarni oʻqitish, qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va ilmiy muassasalar mutaxassislarining malakasini oshirish ishlari olib borilmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi loyihaning Oʻzbekistondagi milliy hamkorlari hisoblanadilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?