FAO Oʻzbekistondagi oʻrmon xoʻjaliklari faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni joriy etmoqda

23:55 04 Noyabr 2023 Iqtisodiyot
373 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻrmon xoʻjaligi xodimlari, fermer va tadbirkorlardan iborat 100 dan ortiq ishtirokchi GIS-texnologiyalaridan foydalangan holda innovatsion usullar asosida oʻrmon va yaylov hududlarini inventarizatsiya qilish boʻyicha treninglarda qatnashdilar.

Mashgʻulotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Sirdaryo, Pop, Kitob va Dehqonobod oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonning togʻli va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Treninglar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan.

Treninglar davomida ishtirokchilar oʻrmonlar, yerdan foydalanish turlari va oʻrmon resurslarining taksometrik xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot toʻplashning zamonaviy usullarini oʻrganishdi. Bunda GIS-texnologiyalaridan foydalanishga asosiy eʼtibor berildi. Taʼkidlanishicha, GIS-texnologiyalari yordamida olingan maʼlumotlar oʻrmonlarni boshqarish xaritalarini saqlash va yangilashni maqbullashtirishga imkon beradi. Zamonaviy dasturiy taʼminot oʻrmon ekotizimlarini yaxshiroq tahlil qilish, oʻrmon yerlarini inventarizatsiya va monitoring qilish uchun ishlatiladi.

Oʻzbekistonning oʻrmon fondi qariyb 12 million gektarni tashkil etadi, ularning aksariyati baland togʻlar va daryolar vodiylarida joylashgan. Butun Markaziy Osiyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham oʻrmonlar mintaqaning iqlim sharoitidan kelib chiqqan eroziya va choʻllanishga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. Oʻrmonlar boy biologik xilma-xillikning tabiiy ombori boʻlib xizmat qiladi va qishloq aholisi uchun tirikchilik manbalarini taʼminlaydi. Bundan tashqari, oʻrmonlar energiya ishlab chiqarish uchun muhim yogʻoch manbai boʻlib xizmat qiladi.

FAOning “Oʻzbekistonning togʻli va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi 2018-yildan buyon Global Ekologik Jamgʻarmaning moliyaviy koʻmagi bilan amalga oshirilmoqda. Oʻrmonlarni barqaror boshqarish – bu oʻrmonlarning mahsuldorligini, ularning ekologik funksiyalarini, estetik va rekreatsion qiymatini, biologik va landshaft xilma-xilligini saqlashga qaratilgan oʻrmonlarni boshqarish usuli. Zero, daraxtlarni kesish va qoramollarni boqish natijasida oʻrmonlar jiddiy bosim va tanazzulga uchrashi maʼlum. Bundan tashqari, mahalliy oʻrmon xoʻjaliklari koʻpincha zaruriy jihozlar bilan yetarli darajada taʼminlanmagan va yetarli resurslarga ega emas.

Mavjud muammolarni hal qilish uchun FAO loyihasi oʻrmonlarni boshqarish jarayoniga innovatsiyalar va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, oʻrmon plantatsiyalarini koʻpaytirish, oʻrmon xoʻjaligi korxonalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan oʻrmon xoʻjaligi xodimlarini tayyorlash ustida ishlamoqda. Shu bilan birga, oʻrmon xoʻjaligida gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Loyiha Sirdaryo, Pop, Kitob va Dehqonobod oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi loyihaning asosiy milliy hamkori hisoblanadi.

Shu yilning oktyabr oyida FAOning xalqaro maslahatchisi Bredli Patterson boshchiligidagi loyiha guruhi 2023-yilda bajarilgan ishlarni monitoring qilish uchun barcha 4 ta oʻrmon xoʻjaligiga tashrif buyurdi. Oʻtgan davrda loyihaning tajriba maydonlarining togʻ oldi hududlarida 2 ming gektardan ortiq maydondagi suvlarini boshqarish uchun suv chiqarish inshootlari, 20 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlar maydonning holatini yaxshilash uchun 180 ta urugʻlik maydonlari tashkil etildi, 4,2 ming gektar maydonda oʻrmonlarni tabiiy qayta tiklash boʻyicha texnik ishlar olib borildi. Taʼkidlash joizki, loyihani amalga oshirish davomida 78 ming gektar maydonda oʻrmonlarni barqaror boshqarish boʻyicha ishlar amalga oshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?