FAO Oʻzbekistonda Navroʻz bayrami va Xalqaro oʻrmonlar kuni munosabati bilan koʻkalamzorlashtirish tadbirini oʻtkazdi

02:34 22 Mart 2024 Jamiyat
1477 0

Xalqaro oʻrmonlar kuni butun dunyo boʻylab 21-mart kuni nishonlanadi, bu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan oʻrmonlarning yerdagi barcha tiriklik uchun muhim ahamiyatini eʼtirof qilish maqsadida eʼlon qilingan. Oʻrmon resurslaridan oqilona va barqaror foydalanish Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishning kalitidir.

Oʻzbekistonda Xalqaro oʻrmon kuni munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning «Oʻzbekistonning togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish» loyihasi doirasida keng koʻlamli daraxt ekish kampaniyasi tashkil etildi. Bu loyiha Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 4 ta uchastkada ish olib borildi – bular Kitob, Dehqonobod, Pop va Sirdaryo oʻrmon xoʻjaliklari hududlari. Tadbirlarda mahalliy aholi, ijarachilar va fermerlardan 1650 dan ortiq kishi, shu jumladan 618 ayol ishtirok etdi. 4200 tup ignabargli va mevali turdagi daraxt va butalar, jumladan, zarafshon archasi, sharq tuyasi, virjiniya archasi, terak, qaragʻay, tut, olma, behi, naʼmatak va boshqalar ekildi.

«Oʻzbekistonning togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish» loyihasining texnik koordinatori Olimjon Qahhorov taʼkidlaganidek, har bir ekilgan daraxt atrof-muhit va inson uchun muhim – u kislorod, oziq-ovqat mahsulotlari va yogʻoch manbai hisoblanadi. Oʻrmonlarni tiklash va barqaror boshqarish iqlim oʻzgarishi va biologik xilma-xillik bilan bogʻliq muammolarni yengishga imkon beradi.

Xalqaro oʻrmonlar kunining 2024-yildagi mavzusi «Oʻrmonlar va innovatsiyalar» boʻlib, bu oʻrmonlarni boyitish va oʻrmon resurslaridan foydalanishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlariga eʼtibor qaratishga undaydi.

Innovatsiyalar koʻp jihatdan oʻrmonlarni boshqarish jarayonlarini yaxshiladi. Ilgari oʻrmon xoʻjaligi ishchilari qogʻoz xaritalardan foydalanganlar va kuzatuvlarini qoʻlda qayd etishgan, oʻrmon monitoringi katta kuch va moliyaviy xarajatlarni talab qilgan va axborotni qayta ishlash koʻp vaqt talab qilgan. Endilikda innovatsiyalarni joriy etish tufayli kuzatuvlarni oʻtkazish va maʼlumot toʻplash ancha osonlashdi – zarur jihozlar bir necha daqiqada kerakli maʼlumotlarni olish va uzatish imkonini beradi. Uchuvchisiz uchish apparatlari ham vazifani osonlashtiradi, bu qisqa muddatda ulkan maydonlarni tekshirish imkonini beradi. Baʼzan oʻrmonda jismonan boʻlishga hojat yoʻq, mutaxassislar uchun yuzlab yuqori sifatli sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini olish imkoniyati mavjud va orbitada maʼlumotlarni real vaqtda uzata oladigan qurilmalar mavjud.

FAO/GEFning «Oʻzbekistonning togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish» loyihasi doirasida 2021-yilda «Oʻrmonloyiha» loyiha institutida maʼlumotlar markazi va GIS-laboratoriyasining ochilishi Oʻzbekistonda oʻrmonlarni barqaror boshqarish sohasida innovatsiyalarni joriy qilishning muhim bosqichi boʻldi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi obyektlar oʻrmon ekotizimlari tahlilini takomillashtirish, oʻrmon yerlarini toʻliq inventarizatsiya qilish va monitoringini oʻtkazish hamda sunʼiy yoʻldosh navigatsiya vositalaridan foydalanish imkonini berdi.

Oʻrmon xoʻjaligi faoliyatiga raqamli texnologiyalar va GIS-vositalarini joriy etish FAO/GEF loyihasining muhim vazifasi boʻlib qolmoqda. Loyiha mahalliy mutaxassislar va oʻrmon xoʻjaligi xodimlari uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida treninglar oʻtkazmoqda, unda raqamli va geoaxborot (GIS) texnologiyalaridan foydalangan holda oʻrmonlar va oʻrmonlardan tashqaridagi yogʻochli oʻsimliklar haqida maʼlumotlarni toʻplashning zamonaviy usullari oʻrganilmoqda. Viloyatlarda oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun katta yordam koʻrsatilmoqda.

Zero, oʻrmon ekotizimlarini tiklashga yoʻnaltirilgan investitsiyalar sogʻlom ekologiya, qishloq aholisi farovonligi va oʻrmonga bogʻliq jamoalarga va, demak, umuman oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan investitsiyalardir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер