FAO Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi boʻyicha yangi loyihani boshladi

23:41 03 Avgust 2022 Jamiyat
395 0

Foto: "Xalq so‘zi"

Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning “Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha milliy harakatlarni va koʻrsatilayotgan texnik yordamni kuzatish boʻyicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish boʻyicha salohiyatni oshirish” loyihasining kirish seminari boʻlib oʻtdi. 

Ushbu loyiha Global Ekologik Jamgʻarma (GEJ) tomonidan moliyalashtiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi ijrochi agentlik hisoblanadi. Tadbirda FAO mutaxassislari va Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi vakillari loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad hamda vazifalari haqida soʻz yuritdilar. FAOning yangi loyihasini amalga oshirish mamlakatimizning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga yanada koʻproq hissa qoʻshish imkonini berishi taʼkidlandi.

Loyiha Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishi tahdidlariga global javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan Parij kelishuvi doirasida yangi kengaytirilgan shaffoflik asosiga oʻtishga tayyorgarlik koʻrishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi boʻyicha tuzilgan ushbu kelishuv atmosferadagi karbonat angidridni kamaytirish choralarini tartibga soladi. 

Ushbu maqsadga erishish uchun har bir mamlakat iqlim boʻyicha oʻzlarining individual majburiyatlarini ishlab chiqqan va ular Milliy darajada belgilangan hissalar deb nomlanadi. Ular milliy darajada issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish boʻyicha muayyan mamlakatlarning saʼy-harakatlarini aks ettiradi. Bundan tashqari, Parij kelishuvida iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va mamlakatda iqlim oʻzgarishiga moslashishni tartibga solish bilan bogʻliq boshqa qoidalar ham mavjud. Global darajada shaffof monitoring, hisobot berish va mamlakatlarning ushbu sohadagi maqsadlariga tezroq erishish uchun asos yaratish orqali rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yumshatish va moslashish borasidagi saʼy-harakatlariga yordam berishga kelishib olingan.

Shaffoflikning kengaytirilgan tuzilmasi doirasida ishtirok etish va muntazam hisobot berish hukumatlarga iqlim boʻyicha harakatlarni yaxshiroq baholash va rejalashtirish imkoniyatini beradi. Mazkur tuzilma mamlakatlarda issiqxona gazlarini chiqarish, chiqindilar chiqarishni kamaytirish va iqlim oʻzgarishi taʼsirlariga moslashish boʻyicha erishilgan natijalar, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻrsatilayotgan moliyaviy hamda texnologik qoʻllab-quvvatlashga  taalluqli boʻlgan axborotlarning shaffofligini taʼminlaydi

Oʻzbekiston Hukumati 2017-yil 19-aprelda rasman Parij kelishuvini imzolagan va 2018-yilning noyabrida uni ratifikatsiya qilgan edi. Hujjatni imzolash orqali Oʻzbekiston boshqa davlatlar qatorida global havo haroratining oʻrtacha koʻtarilishini Selsiy boʻyicha 2 darajadan sezilarli darajada past ushlab turish majburiyatini olgan. Oʻzbekistonning Milliy miqyosda belgilangan hissasi 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini kamaytirish va moslashuvchan salohiyatni oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish boʻyicha vazifalarni belgilab beradi. FAOning qayd etilgan loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonda Monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimi ishlab chiqiladi.

“Oʻzgidromet” hukumat qarori bilan iqlim oʻzgarishi va Parij kelishuvini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi tashkilot etib belgilangan. Oʻzgidromet oʻz vakolatlari doirasida mamlakatning iqlim boʻyicha majburiyatlari, jumladan,  Milliy Xabarlarni, inventarizatsiya boʻyicha milliy hisobotlarni, ikki yillik hisobotlarni, shaffoflik hisobotlarini, milliy darajada belgilangan miqdoriy majburiyatlarni bajarilishi boʻyicha hisobotlarni tayyorlash va taqdim etish uchun masʼul hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?