FAO Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kimyoviy pestitsidlardan foydalanishni kamaytirishga yordam beradi

17:05 03 May 2023 Iqtisodiyot
738 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Har yili Markaziy Osiyo mamlakatlarida “chigirtkalar bosqini” kuzatiladi. Chigirtkalar ekinlar va yaylovlar zarar yetkazib, qishloq xoʻjaligi yagona daromad manbai hisoblangan minglab insonlarning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Yarim asrdan koʻproq vaqt davomida kimyoviy pestitsidlar chigirtkalarni nazorat qilishning eng tezkor va samarali usuli boʻlib kelgan.

Biroq, yigirma yildan ortiq vaqt davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) zararli hasharotlarga qarshi kurashishning ekologik jihatdan xavfi kamroq usullarini targʻib qilmoqda. Xususan, FAO faqat chigirtkalarga taʼsir qiladigan va inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan biologik insektitsidlardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydi.

Shu yilning 25-29-aprel kunlari FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida biopestitsidlarni koʻrgazmali sinovdan oʻtkazilishi bu boradagi muhim qadam boʻldi. Tadbir “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish boʻyicha FAO dasturi” doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar koʻmagida tashkil etildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ixtisoslashgan muassasalari vakillari pestitsidlarning namoyish sinovlarida ishtirok etish uchun Jizzax viloyatiga kelishdi. Tadbirda chigirtkalarni nazorat qilish boʻyicha jami 33 nafar, shu jumladan, FAO mutaxassislari ishtirok etishdi. Yirik xalqaro tadbir Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida chigirtkalarni nazorat qilish uchun biopestitsidlardan keng foydalanishni amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Bu har yili oʻrtacha 4 million 200 ming gektar maydonda chigirtkaga qarshi ishlov beriladigan mintaqadir.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, kimyoviy pestitsidlar zahar hisoblanadi. Ulardan toʻgʻri foydalangan taqdirda ham, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf mavjud. Kimyoviy pestitsidlarning qoʻllanilishi natijasida ekotizimlar hayoti uchun zarur boʻlgan boshqa hasharotlarning ham bir tekis qirilib ketishi ularning atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishini yana bir bor isbotlaydi. Pestitsidlar, shuningdek, tuproq, oʻsimlik, havo va suvni ham ifloslantirishi mumkin. Shuning uchun ham biopestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda asosiy rol oʻynaydi.

Tadbir dasturi taqdimot/nazariy qismdan, shuningdek dala tashriflaridan iborat boʻldi. Besh kunlik namoyish sinovlari marokash chigirtkalari lichinkalariga qarshi Metarhizium acridum (Novakrid) va Beauveria bassiana (Yashil toʻsiq) zamburugʻlari asosidagi ikkita biopestitsidni qoʻllashni oʻz ichiga oldi. Shu bilan birgalikda, bunda chigirtkalarning oʻlimi va boshqa organizmlarga taʼsiri baholandi.

Biopestitsidlarning nisbatan kech taʼsir qilishini hisobga olib, ishtirokchilarga atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmagan holda zararli hasharotlarni yoʻq qilish usulining samaradorligini namoyish qilish maqsadida ishlov berish namoyish paytida ham, undan taxminan 8-10 kun oldin ham oʻtkazildi. Namoyish sinovlaridan soʻng biopestitsidlarning maqsadli boʻlmagan organizmlarga taʼsirini aniqlash uchun ekologik monitoring oʻtkazildi.

Jizzax viloyatidagi besh kunlik tadbir davra suhbati bilan yakunlandi va unda olingan saboqlar hamda tavsiyalar taqdim etildi. Biopestitsidlardan foydalanish boʻyicha shu kabi koʻrgazmali tadbir 2023-yil iyun oyida Kavkazda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Soʻngra ikkita namoyish sinovlari natijalari Kavkaz va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan birgalikda “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalar ustidan milliy va mintaqaviy nazoratni takomillashtirish boʻyicha FAO dasturi” doirasida kuzda oʻtkazilishi rejalashtirilgan yillik texnik seminar davomida koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?