FAO geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida jamoatchilik xabardorligini oshirmoqda

14:03 19 Avgust 2022 Iqtisodiyot
479 0

2022-yil 17-avgust kuni Toshkent Davlat agrar universitetida universitetning professor-oʻqituvchilari, doktorant va iqtidorli talabalari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlari sohasidagi ekspertlar uchun «Geografik koʻrsatkichlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va anʼanaviy mahsulotlar asosida Oʻzbekiston qishloq hududlarini brendlash vositasi sifatida» mavzusida trening oʻtkazildi. Mashgʻulotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning “Geografik koʻrsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash” loyihasi doirasida milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtkazildi.

Eslatib oʻtamiz, geografik koʻrsatkich – bu xususiyati va obroʻsi uning kelib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻziga xos geografik kelib chiqishga ega mahsulotlarga qoʻllaniladigan belgi. Provansning zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qogʻozi, Bavariya pivosi, Braziliya qahvasi, shotland viskisi, Seylon choyi, Bordo, Luar va Burgundiyaning uzumzor va vinolari bunga yorqin misol boʻla oladi. Qisqasi, geografik koʻrsatkichlar mahsulotlarning geografik kelib chiqishi haqida oʻziga xos belgilar boʻlib, bu ularning sifati va oʻziga xos xususiyatlarining kafolati hisoblanadi.

Treningda taʼkidlanganidek, FAO mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni tufayli Oʻzbekistonda ularning kelib chiqish joyi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan anʼanaviy tovarlar “geografik koʻrsatkichlar” maqomiga ega boʻlishi va intellektual mulk obyekti sifatida huquqiy himoyaga ega boʻlishi mumkin. FAO tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha tufayli esa geografik koʻrsatkichlar tushunchasi tobora Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari hayotining bir qismiga aylanib bormoqda.

Loyihaning maqsadi geografik koʻrsatkichlarni keng joriy etish orqali Oʻzbekistonning qishloq joylarini rivojlantirishga hissa qoʻshishdir, bu ishlab chiqaruvchilarga marketing strategiyasini aniqlash, bozor ishtirokchilarining, shu jumladan, rasmiy hokimiyat organlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning boshqa guruhlarining xabardorligi va oʻzaro qiziqishini oshirishga imkon beradi.

Treningning asosiy maqsadi hududlarning eksport salohiyatini oshirish va hududiy brendingning samarali vositasi sifatida geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida jamoatchilik va soha mutaxassislarini keng xabardor qilishdan iborat boʻldi. Trening ishtirokchilari geografik koʻrsatkichlar qishloq hududlarini barqaror rivojlantirishga, fermer xoʻjaliklari daromadlarini oshirishga, qishloq xoʻjaligi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksportini kengaytirishga, shuningdek, anʼanaviy hunarmandchilikka qanday hissa qoʻshishi mumkinligini bilib olishdi. Bundan tashqari, trening davomida tabiiy omillar, mahalliy jamoalar tomonidan avloddan avlodga oʻtadigan bilim va koʻnikmalar bilan birgalikda noyob xususiyatlarga ega mahsulotlar ishlab chiqarishning eng muhim elementlariga aylanishi haqida soʻz bordi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?