FAO eksperti: iqlim oʻzgarishi va global isishga zararli taʼsir koʻrsatayotgan is gazining 20 foizi qishloq xoʻjaligi tarmoqlari orqali chiqarilmoqda

18:53 24 May 2022 Jamiyat
483 0

Foto: Халқ сўзи

Qarshi shahridagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan xorijlik olim va yetakchi mutaxassislar ishtirokida “Qishloq xoʻjaligi ekinlarining genetik resurslaridan unumli foydalanish hamda yetishtirishda zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman oʻtkazildi.

Anjumanda Turkiya, Qozogʻiston, Nepal, Koniya kabi davlatlar hamda qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari xalqaro markazlari ekspert va mutaxassislari respublikada, jumladan, janubiy mintaqalarda boshoqli don, dukkakli don, yem-xashak, ozuqabop hamda noanʼanaviy ekinlar seleksiyasi, urugʻchilik tizimini rivojlantirish, innovatsion agrotexnologiyalarni takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, xalqaro IKARDA-Nepal markazi seleksioneri R. Sharma ZOOM orqali muloqotda qurgʻoqchil mintaqalar uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi istiqbollari, Qoraqalpogʻiston Dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti direktori, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi B. Turdishev Shimoliy mintaqa maydonlarida iqlim va ob-havo sharoitlarining oʻzgarishi, tuproq unumdorligi, hozirgi zamon holati hamda ilmiy-texnik ishlanmalarni joriy etish, xalqaro IKARDA-Turkiya markazi seleksioneri, professor M. Keser bugʻdoyning sovuqqa chidamligini baholash mezonlari, xalqaro SIMMUT-Turkiya markazi seleksioneri B. Akin dunyoda bugʻdoyning iqlim oʻzgarishlarga mos yangi navlarni yaratish, Koniya dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti direktori F. Uzdemir kuzgi bugʻdoyni rivojlantirishda xalqaro miqyosdagi agrotexnologiyalardan foydalanish mavzularida maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

— Dunyo olimlari nigohini men iqlim oʻzgarishi va global isishga zararli taʼsir koʻrsatayotgan is gazining 20 foizi qishloq xoʻjaligi tarmoqlari orqali chiqarilayotganiga qaratdim, — deydi BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi eksperti, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Aziz Nurbekov. — Shu maʼnoda “Qishloq xoʻjaligida tuproqni himoyalovchi va resurs tejamkor texnologiyalar iqlim oʻzgarishini yumshatishda yechim boʻladimi?” degan savolga javob tariqasida shuni aytish mumkinki, tuproqqa ishlov bermaslik, yerlarni oʻsimlik qoldigʻi bilan qoplash va almashlab ekish orqali bu muammolarga yechim topsa boʻladi.

Anjuman ishtirokchilari Janubiy dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutining Qarshi, Qamashi va Gʻuzor tumanidagi tajriba maydonlarida parvarishlanayotgan boshoqli don ekinlari rivojini koʻzdan kechirdi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?