FAO chigirtkalarni nazorat qilishda maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish boʻyicha Oʻzbekistonda eng yaxshi tajribalarni joriy etmoqda

13:59 19 Avgust 2022 Iqtisodiyot
663 0

Markaziy Osiyoda chigirtkalar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xavf soluvchi oʻtkir mintaqaviy muammo hisoblanadi. Zararli hasharotlar bilan bogʻliq muammoning global mohiyatini hisobga olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlariga “Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kurashishni takomillashtirish (II bosqich)” mintaqaviy loyihasi doirasida yordam koʻrsatmoqda. Mazkur loyiha Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda. Tashabbuskorlar loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xoʻjaligiga ham, davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishiga, shuningdek, chigirtkalarga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid qilmoqda.

Loyihani amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd etib oʻtilgan mamlakatlarga chigirtkalarni kuzatish va nazorat qilish uchun uskunalar va jihozlar, shaxsiy himoya vositalari, shuningdek, xavfli zararkunandalarga qarshi kurashish uchun chigirtkalarni nazorat qilish boʻyicha yangi bilim va texnologiyalar taqdim qilinadi. Oxirgi vazifaga, yaʼni, bilim va koʻnikmalarga alohida eʼtibor qaratiladi, chunki zararkunandalarga qarshi kurashda ilgʻor tajribalarni oʻrganish qishloq xoʻjaligi tarmogʻi uchun katta ahamiyatga ega.

Masalan, loyiha doirasida joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahrida FAO xalqaro maslahatchisi, geoaxborot tizimlari boʻyicha ekspert Nadiya Muratova Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklarni himoya qilish agentligi xodimlari, Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari uchun bir qator treninglar oʻtkazdi. Treninglar mavzusi Avtomatlashtirilgan maʼlumotlarni yigʻish tizimi (ASDC) va Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalarni boshqarish tizimi (CCALM) kabi masalalarga bagʻishlandi. Treninglarda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan 25 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.

ASDC 2013-yilda Kavkaz va Markaziy Osiyodagi chigirtkalar boʻyicha maʼlumotlarni toʻplashni standartlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, dastlab 2014-2015-yillarda Gruziya, Rossiya va Oʻzbekistonda sinovdan oʻtgan va hozirda koʻplab mamlakatlarda amalga oshirilmoqda. ASDC atrof-muhit xavfsizligi va operatorlarning sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarni oʻz ichiga olgan chigirtkalarni oʻrganish va chigirtkalarga qarshi ishlov berish toʻgʻrisida maʼlumot toʻplashni osonlashtirish uchun yaratilgan. Ushbu maʼlumotlar mobil aloqa orqali onlayn rejimida “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalarni boshqarish tizimi” (CCALM) geografik axborot tizimiga uzatiladi, bu boshqa maʼlumotlar bilan birgalikda chigirtkalar holatini tahlil qilish va bashorat qilishni yaxshilashga imkon beradi.

CCALM 2017-yilda chigirtka tarqalishidan erta ogohlantirish va oldini olishga koʻmaklashish uchun tashkil etilgan. CCALM tekshirish yoki ishlov berish bilan shugʻullanuvchi xodimlar tomonidan ASDC yordamida toʻplangan ham dala maʼlumotlari bilan, ham boshqa manbalardan sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari bilan toʻldiriladi. Har ikkala ASDC va CCALM tizimi Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarining oʻnta tilida, shu jumladan, oʻzbek tilida ham ishlaydi.

“ASDC tizimi chigirtkalarni dalada tez va samarali oʻrganish, shuningdek, mobil qurilmalar yordamida chigirtkalarga qarshi kurashish monitoringini olib borish uchun qulay boʻlib, bu ham dala operatorlari, ham masʼul mutaxassislarning vazifasini sezilarli darajada osonlashtiradi. Trening ishtirokchilari bilan birgalikda nazariy mashgʻulotlar davomida ham, sohada tashkil etilgan amaliy mashgʻulotlarda ham Oʻzbekistonda ASDC va CCALMni joriy etishning barcha tafsilotlari koʻrib chiqildi”, - deydi loyihaning xalqaro maslahatchisi, geoaxborot tizimlari boʻyicha ekspert Nadiya Muratova.

Treninglar davomida olingan bilim va koʻnikmalar chigirtkalarni nazorat qilish xizmatlari rahbarlari, agronomlar va tadqiqotchilarga mintaqadagi chigirtkalar holatini keng miqyosda tahlil qilish, zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini yanada samarali olib borish va ushbu jarayonlarga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?