Falastinliklarning majburan koʻchirilishi etnik tozalashdir — Malayziya TIV

13:55 06 Fevral 2025 Dunyo
158 0

Foto: NRC

AQSH prezidenti Donald Tramp Gʻazo aholisi koʻchirilishini aytgandan soʻng Malayziya Tashqi ishlar vazirligi bunga qatʼiy qarshi ekanini maʼlum qildi. Malayziya falastinliklarning majburiy koʻchirilishi etnik tozalash va xalqaro huquq, BMTning koʻplab rezolyutsiyalarini buzish ekanligini eslatgan.

“Falastin xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini eʼtiborsiz qoldiradigan va uning erkinligiga tajovuz qiluvchi yechimlarni bir tomonlama va kuch bilan joriy etishga boʻlgan har qanday urinishni qabul qilib boʻlmaydi hamda mintaqadagi eng uzoq davom etadigan mojarolardan birini yanada chuqurlashtiradi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

“Malayziya Falastin xalqi bilan birdamlikda davom etmoqda. Yaqin Sharqda mustahkam tinchlik va barqarorlikka erishishning yagona yoʻli 1967-yilgacha boʻlgan chegaralarga asoslangan, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil va suveren Falastin davlatini barpo etishdir”, — deya qoʻshimcha qilgan vazirlik.

Aholisining uchdan ikki qismi musulmonlardan iborat boʻlgan Malayziya Isroil bilan diplomatik aloqaga ega emas va uzoq vaqtdan beri Falastin masalasini astoydil qoʻllab-quvvatlab keladi. Shuningdek, Isroilni BMTdan chiqarib yuborishga chaqirgan. Mamlakat rahbari Gʻarbning Gʻazoni boshqarayotgan Falastin guruhi HAMAS bilan munosabatlarni uzish boʻyicha bosimini ham rad etdi.

Trampning Gʻazoni qoʻlga kiritish toʻgʻrisidagi bayonotidan soʻng turli davlatlar tanqidiy qarashlarini eʼlon qilgan. Keyinchalik AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Gʻazo qayta qurilayotgan vaqtda falastinliklarning vaqtinchalik koʻchirilishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?