Ezgulikka baxshida umr

18:39 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
475 0

Ilm bebaho xazina, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga bejiz oʻxshatishmagan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi boʻlishida ustoz va murabbiylarning oʻrni beqiyos.

Har bir inson hayot va kasb-kor soʻqmoqlarida tetapoya qilib, voyaga yetarkan, unga mazkur urinishlarni kim, qanday oʻrgatganligini, mashq qildirganini esga oladi.

Albatta, shaxsning kamolga yetishi oson ish emas. Bunda oʻz kuch-gʻayrati, bilimi, tajribasi va sabr-irodasini sarflagan ustozlarning hissasi boʻladi, shubhasiz. Va mana shu muallimlar shogirdlar qalbi, xotirasi va amalida mangu yashaydi, ular boshlagan maktab, saboq avloddan-avlodga oʻtib boradi.

Mana shunday ustozlardan biri — Buxoro davlat universitetida butun umr fidokorona mehnat qilgan, ne-ne tilshunos va uslubiyotchi olimlar, muallim va muallimalarning chin murabbiysi boʻlgan – filologiya fanlari doktori, professor Hamid Neʼmatovdir.

H.Neʼmatov oʻrta maktabni Buxoroda tugatib, universitet, aspirantura va doktorantura taʼlimini 1961 — 1976-yillarda Leningrad davlat universiteti va Sharqshunoslik institutida oldi. 1970-yilda “Qoshgʻariy “Devon”i materiallari asosida feʼl morfologiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1978-yilda “XI-XII asr sharqiy turkcha morfologiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

U 40 dan ortiq darslik, dastur, oʻquv qoʻllanma, metodik tavsiyalar kabi alohida nashrlarning, 250 dan ortiq ilmiy maqolalarning muallifi va 100 dan ortiq ilmiy-metodik ishlarning muharriri hamda taqrizchisidir. Olim ilmiy faoliyati davomida 40 dan ortiq fan nomzodi va 5 ta fan doktori tayyorladi. Ular Buxoro, Toshkent, Qarshi, Andijon, Fargʻona, Samarqand shahar va viloyatlaridagi oliy taʼlim oʻchoqlarida ishlamoqdalar.

Ustozning samarali mehnatlari hukumatimiz tomonidan ham munosib taqdirlangan. Jumladan, ustoz 1996-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni, 2010-yilda “El-yurt hurmati” ordeni, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

“Haqiqiy inson birovga (atay) yomonlik tilamaydigan, birovning koʻngliga ozor bermaydigan kishidir” degan gʻoyani oʻz hayotiy shioriga aylantirgan va butun umri davomida shunga nafaqat amal qila olgan, balki avlodu izdoshlari, shogirdu hammaslaklarini ham shu tamoyil masʼuliyatiga oʻrgata olgan chinakam hayot murabbiyi — Ustoz Hamid Neʼmatov oʻzlaridan Buxoro tarixida oʻchmas iz, shogirdlar qalbida ulkan maʼnaviy xazina qoldirib ketdilar.

Ustozning kamtarin, samimiy va begʻubor nigohlari hech koʻz oʻngimizdan ketmaydi. Juda kamtarin hamda bagʻrikeng boʻlganliklari uchun domlaning oldidan maslahat, yoʻl-yoʻriq soʻrab kelguvchilar keti uzilmasdi.

Domla yosh tadqiqotchilarga shunday puxta oʻgitlar berardilarki, biz shogirdlar ularning oldinni koʻra bilishdek isteʼdodlari, oʻz taʼbirlari bilan aytganda, durbinlik xislatlariga hayron qolar edik. Haqiqiy ilmiy rahbarlarga xos talabchanlik, har bir ishni oʻz vaqtida oʻz nihoyasiga yetkazish borasidagi punktuallikni shunday bir nazokat, yuksak did hamda kasbiy/ilmiy etiket bilan singdirar edilarki, bu ularning yuqori madaniyat va saviyaga ega ekanligidan darak berar, bizning qalbimizda havas uygʻotar edi.

Binobarin, yuksak aqlu zakovat sohibi boʻlmish ustozimizning nafaqat filologiya va tillarni oʻrganish, balki til uslubiyoti sohasida ham oʻsha paytda ilgari surgan gʻoyalari bugun oʻzining samaradorligi, ishonchliligi, umrboqiyligi bilan oʻz isbotini topmoqda; domlaning nafaqat turkiyshunoslik, balki Ovroʻpo tillarini kuzatish asosida erishgan natijalari bugun qator muvaffaqiyat bilan qarshi olinayotgan tadqiqotlarda metodologik asos vazifasini oʻtamoqda.

Hamid Gʻulomovich noyob isteʼdod, fenomenal xotira egasi, qomusiy olim, yirik turkiyshunos mutaxassis sifatida nafaqat bizning diyorda, balki xorijlik zabardast olimlarning ham ishonchini, hurmat-eʼtiborini qozona olgan edilar.

Ustoz bilan ishlash chogʻida ham, ulardan keyin olib borayotgan faoliyatimizda ham “Ustoz otangdek ulugʻ” degan hikmatli iboraning mohiyatini tobora chuqur anglab bormoqdamiz.

Binobarin, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi boʻlsa, ustoz insonning maʼnaviy-ruhiy, ilmiy-kasbiy va ijtimoiy jihatdan kamolga yetishiga sababchi boʻladi. Ustozimiz chin maʼnoda ilm toliblarining kamolotini koʻzlardilar, insonning har tomonlama muvaffaqiyatli boʻlishi uchun jon kuydirardilar.

Oʻzbekistonning asl farzandi, oʻzini ona Buxorosining bir zarrasi deb bilgan, yuzlab shogirdlarni yetishtirib, yurt xizmatiga “labbay” deb javob bera olgan Hamid Neʼmatov butun umrini, kuch-gʻayratini, buyuk isteʼdodini, ilmu tajribasini mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, madaniy yuksalishiga bagʻishladi. Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash hamda xalq farovonligini oshirishda fidoyilik namunalarini koʻrsatib, yurtdoshlariga ibrat boʻla olgan umr sohibidir.

Biz Buxoro davlat universitetida tahsil olgan, ishlagan, ilmiy va pedagogik faoliyat olib borgan muallimalar sifatida Hamid Neʼmatovdek el-yurt hurmatiga sazovor ustozning qator shogirdlaridan biri boʻlganimizdan faxrlanamiz.

Ustoz xotirasi har kun, har on qalbimizda, shuurimizda yashaydi. Zotan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek: “Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila, Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila”.

Nilufar SHIRINOVA,

Nargiza SHIRINOVA,

Jamoat xavfsizligi universiteti Tillarni oʻrganish kafedrasi dotsentlari.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?