Ezgulik va adolatni madh etgan inson

13:42 20 May 2024 Jamiyat
167 0

Hazrat Jaloliddin Rumiyning shunday hikmati bor: «Yaxshi inson oʻzidan baxt, yomon inson oʻzidan tajriba, xatokor inson oʻzidan dars, mukammal inson oʻzidan yaxshi iz qoldiradi». Butun umrini ona-Vatanimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga baxshida qilgan zahmatkash va kamtarin inson Haydar Xoliqovich Yahyoyev oʻzidan chuqur iz qoldirib ketdi…

1927-yil 9-yanvar kuni tavallud topgan otam 5 yoshida padaridan ayrilib, qoladilar. Roʻzgʻor tashvishlarini bolalikdan his qilgach, kulolga shogird tushib, hunar oʻrganadi. Birinchi topgan pulini uyiga keltirganida mahallaning otinoyisi boʻlgan buvijonim Shahodatxon aya koʻzlarida yosh bilan «Ilohim, boshing toshdan boʻlsin bolam, hamisha halollik va poklik shioring boʻlsin, el-yurt manfaati uchun xizmat qilib charchamagin», deya duo qiladilar.

Darhaqiqat, buvijonimning duosi otajonimning hayotlari dasturulamal boʻldi. Xalqimizda «Oltin olma duo ol, duo oltin emasmu?» degan dono maqol bejiz aytilmagan.

Otam Haydar Yahyoyev oʻz zamonasining ilgʻor ziyolilaridan biri edi. U oʻzining butun hayoti va faoliyatini oʻzbek xalqining tinchligi va xotirjamligi uchun baxsh etgan. Vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik va rostgoʻylik uning qon-qoniga singib ketgan edi. Otam oddiy kosib farzandi, bolalikdan yetimlikning achchiq azobini boshidan kechirgan, oʻta kamtarin, samimiy inson edilar.

Urush yillaridan soʻng ham turmush oson kechmagan. Yetishmovchilik koʻplab oilalar kabi bizniyam chetlab oʻtmagan. Isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasdan, oddiy va kamtarona roʻzgʻor oʻtkazganmiz. Toʻngʻich farzand boʻlganim sababli uy yumushlari, singillarim va ukalarimga qarash menga yuklatilgan edi. Onajonim yurak xurujidan xastalangani uchun tez charchab qolar, uy ishlarida menga tayanib qolgandilar.

…Otam vijdonli, halol, zehnli inson boʻlganlari bois, butun umrlari davomida ona-Vatanimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilganlar. Yosh boʻlsalarda, bolalik davrlaridan turli qiyinchiliklarni boshdan kechirib, irodalari metindek toblangan va hayot yoʻllarida duch kelgan har qanday toʻsiqlarni sabot bilan yengib oʻtishga oʻzlarida kuch topa bilganlar. Respublika rahbarlari oʻsha davrda dolzarb qurilish obyektlaridan biri boʻlgan Bekoboddagi Farhod GESiga otamni yuborganlar. U kishi qurilishda yoshlar yetakchisi vazifasini bajarganlar.

Haydar Yahyoyev oʻz mehnati, aqlu farosati, qolaversa Alloh inʼom etgan yuksak tafakkuri bilan dastlab DXX polkovnigi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Militsiya general-leytenanti, istiqlol sharofati bilan Oliy Majlis deputati darajasiga yetganlar. Shu bilan bir qatorda, xalqimiz qalbida oʻchmas iz qoldirgan yuzlab sheʼrlar va qoʻshiqlar muallifi, serqirra shoir hamda faol jamoat arbobi sifatida tanilgan…

Biroq eng achinarlisi shundaki, kommunistik partiyaning koʻrsatmasiga binoan Boltiqboʻyi respublikalari va Gruziyadan maslakdosh topa olmagan Gdlyan va Ivanov kabi yurtimiz boshiga kulfat keltirgan shum niyatli kimsalar «oʻzbek ishi» nomi ostida Oʻzbekistondagi minglab ziyolilar va mehnatkashlarni qamoqqa olib jinoiy ish ochadi. Aynan oʻsha davrda respublika rahbarlari qatorida allaqachon vazir lavozimidan isteʼfoga chiqqan otajonim Haydar Xoliqovich Yahyovni ham hech bir asossiz uch yarim yil zindonband qilishadi. Uch yarim yil davomida nafaqat otajonimning, balki oilamiz aʼzolarining ham boshiga qaro kunlarni solishadi, hatto qarindoshlarni ham turli boʻhton uyushtirib, aksariyatini qamatishgan.

Otam yashab oʻtgan davrni respublikamizning yaqin oʻtmishdagi tarixi deya baholash mumkin. Chunki otamning boshidan oʻtgan yaxshi va yomon kunlarning barchasi oʻzbek xalqining ham boshidan kechgan qora kunlardir.

Otam shoirlar, yozuvchilar, sanʼatkorlar va boshqa maʼnaviyat va maʼrifat namoyandalari bilan yaqin doʻstlik rishtalarini bogʻlagan edilar. Esimni tanibmanki, uyimizga tez-tez sanʼatkorlar mehmon boʻlib kelishar edi. Ayniqsa, uyimizda kitobxonlik boʻlar edi, taniqli sanʼatkorlarning betakror ovozlari hamon yodimda saqlanib qolgan. Mukarrama Turgʻunboyeva boshchiligidagi «Bahor» ansambli ishtirokchilari, Ergash Yoʻldoshev, Baxtiyor Yoʻldoshev, Fattoxxon Mamadaliyev, Eson Lutfullayev, Ikromjon Boʻronov, Tavakkal Qodirovlar kabi xalqimiz ardogʻidagi koʻplab sanʼatkorlar bizlar uchun qadrdon boʻlib qolgan edilar. Otam sanʼatkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlar, barchaga birdek begʻaraz yordam koʻrsatishni oʻzlarining burchlari, deb bilardilar. Doʻstga sadoqati, Vatanga muhabbati kuchli edi. Bir sheʼrlarida aytilganidek,

Onam mehrin jilosidan ato boʻlgach shirin jonim,

Ochib koʻz koʻrganim boʻldi, jamoling bogʻu boʻstonim.

Onamning allasi bir-la qolib madhing qulogʻimda,

Oʻzimni esladim, sevdim, seni gul-Oʻzbekistonim!

deya ona-Vatanimizni madh etib oʻtdilar.

Otajonim adabiyot va sanʼatga ishtiyoqlari baland boʻlgani sababli, hayotlari soʻngida konsert dasturlari, teatrlarga olib borganimni eslayman. Men otajonimning betobliklari tufayli qoʻlimga qalam olib aytgan xotiralarini qogʻozga tushirish jarayonida sheʼriyatga oshno boʻlib qoldim va qoʻliga qalam olib sheʼr yozgan insondan hech qachon yomonlik chiqmasligiga va uning fikru xayoli faqat ezgu niyatlar bilan limmo-lim toʻlib toshgan boʻlishiga yana bir bor amin boʻldim.

Otajonim bir umr adolat uchun kurashib, oʻzlari nohaqlikka uchragan boʻlsalarda, to soʻnggi nafaslarigacha ezgulik va adolatni madh etib oʻtdilar.

Mavjuda YAHYOYEVA,

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер