Yevropaning janubi-gʻarbiy qismida kuchli jazirama tufayli oʻrmon yongʻinlari kuzatilmoqda (Foto)

23:55 15 Iyul 2022 Dunyo
628 0

Foto: EPA

Yevropaning janubi-gʻarbiy qismida kuchli jazirama tufayli oʻrmon yongʻinlari kuzatilmoqda. Fransiya, Portugaliya va Ispaniyaning bir qancha mintaqalaridagi oʻt oʻchiruvchilar kuchli oʻrmon yongʻinlariga qarshi faol kurashmoqda, deya xabar bermoqda Yevropa OAVlari.

Foto: EPA

Fransiyaning Jironde departamentida yongʻinlar allaqachon 7,5 ming gektar oʻrmonni kulini koʻkka soruvdi. Oʻn bir mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Prognozlarga koʻra, vaziyat yakshanba kuniga qadar yaxshilanishiga umid yoʻq. Ushbu mamlakat janubidagi Bush-dyu-Ron departamentidagi yongʻinlarni oʻchirishda 1000 ga yaqin oʻt oʻchiruvchilar qatnashmoqda, shuningdek, ixtisoslashtirilgan aviatsiya ham jalb etilgan.

Foto: EPA

Portugaliyaning gʻarbidagi Leyriya mintaqasida oʻt oʻchiruvchilar kuchli shamol tufayli tez tarqalayotgan shiddatli oʻrmon yongʻinlarini nazorat qilishga urinmoqda. Bir qancha turar-joy binolari vayron boʻlgan, yoʻllar yopilgan, kichik aholi punktlari aholisi evakuatsiya qilinmoqda. Mamlakatdagi ushbu vaziyat fonida favqulodda holat 17-iyulga qadar uzaytirildi.

Yongʻinlar Ispaniya janubi-gʻarbidagi Ekstremadura avtonom hududidagi oʻrmonlarni ham qamrab oldi. Bu yerda oʻtgan haftada 5500 gektarga yaqin oʻrmon yonib ketdi. Oʻt oʻchiruvchilar Kastiliya va Leon avtonom hududilarida kuchli yongʻinlar xavfi haqida ogohlantirdi.

Foto: EPA

Bir qator Yevropa mamlakatlarida gʻayritabiiy issiq quruq ob-havo hukm surmoqda. Joriy hafta Portugaliyaning baʼzi hududlarida havo harorati 47 darajagacha koʻtarildi. Bu iyul oyidagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Fransiyada janubi-gʻarbda termometr 38, janubda 40 darajagacha koʻtarildi.

Buyuk Britaniyada birinchi marta yuqori harorat xavfining eng yuqori — qizil darajasi eʼlon qilindi. Mamlakat meteorologiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, kelasi haftada havo harorati 40 darajaga yetishi mumkin. Angliyaning koʻp qismini misli koʻrilmagan jazirama qamrab oladi. Havo harorati Selsiy boʻyicha 30 darajadan oshadi, baʼzi joylarda hatto 40 darajaga yetadi.

Foto: EPA

Buyuk Britaniyaning markaziy qismida, shimoliy, sharqiy va janubi-sharqida xavfning eng yuqori — qizil, Uels gʻarbida, shuningdek, Shotlandiya janubida jazirama tufayli biroz pastroq — sariq xavf darajasi eʼlon qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?